Korxona mahsulot hajmi va qamrovi oshmoqda
Tashrifdan so‘ng
Namanganda raqobatbardosh va rentabelli sanoat korxonalar soni ko‘p bo‘lib, jumladan, Namangan tumanining Katta Toshbuloq mahallasi hududida joylashgan “Nam Motor Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat shulardan biri sanaladi.
2007 yilda o‘z faoliyatini oddiy suv nasoslarini ta’mirlashdan boshlagan mazkur korxona bugungi kunda yirik sanoatda qo‘llaniladigan elektrodvigatellar hamda suv nasoslari ishlab chiqaruvchi respublikadagi yirik sub’ektga aylandi.

Prezidentimiz joriy yilning mart oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Nam Motor Servis” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda boshqa tarmoqlar va korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Hozirda, 5,5 gektar hududga ega bo‘lgan mazkur korxonada mahalliylashtirish dasturi hamda boshqa turdosh korxonalar bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborlisi, elektr dvigatellar ishlab chiqarish 60, suv nasoslari esa 100 foiz mahalliylashtirilgan.

Jamiyatning mahalliy bozordagi asosiy buyurtmachilari – “Navoiy kon metallurgiya kombinati”, “Olmaliq tog‘ kon metallurgiya kombinati”, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zneftgaz” kompaniyasi, suv xo‘jaligi tarmoqlari sanaladi. Qolaversa, bu yerda ishlab chiqarilayotgan suv nasoslari Qirg‘iz Respublikasi, Afg‘oniston, Turkmaniston va Ozarbayjon davlatlariga ham eksport qilinmoqda.

– Asl kasbim iqtisodchi, – deydi “Nam Motor Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat ta’sischisi Baxtiyor Bekmirzayev. – 2003 yili oliygohni tugatgach elektrotexnika sohasiga qiziqish paydo bo‘ldi. Elektrodvigatellarni ta’mirlash bo‘yicha ustachilik bilan shug‘ullandim, keyinchalik kichik ustaxona ochdim. Faoliyatimni kengaytirish, xorijdan zamonaviy uskunalar xaridi uchun Xalq banki Namangan viloyati filialidan 1,2 million AQSH dollari miqdorida kredit oldim. Joriy yilning o‘tgan davrida 50 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqargan bo‘lsak, bu ko‘lamni yil yakuniga qadar 150 milliard so‘mga yetkazmoqchimiz.

Mahsulotlar Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan sifatli xomashyodan tayyorlanadi va energiya tejamkorlik klassining “IE2” darajasida bo‘lib, xalqaro standartlarga javob beradi.

Asosiysi, korxonaning quyuv, tozalov, metallga qayta ishlov berish, elektr simlari o‘rov va yig‘uv sexlarida 160 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.