Korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha ishlar ko‘lami qanday?
Korrupsiya jirkanch illat sifatida davlat va jamiyat rivojini ortga suradi, taraqqiyotga tushov bo‘ladi. Shu bois ham bu illatga qarshi muntazam ravishda kurashib kelinadi, korrupsiya omillarini bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘riladi.
Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov Farg‘ona viloyatida bo‘lib, korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganmoqda. Xususan, deputat Bog‘dod tumani sog‘liqni saqlash, kadastr agentligi, arxitektura va qurilish bo‘limlarida bo‘lib, korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

“Qizil hudud”ga kirgan “Do‘rmoncha” MFYdagi o‘rganishlar davomida esa deputat mahalla yettiligi bilan uchrashib, mahallada jinoyatchilikni barvaqt aniqlash va uning oldini olish borasida tuzilgan “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi bilan tanishdi. Bundan tashqari, J.Shirinov Bog‘dod tumani IIBda jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, xodimlar tomonidan bildirilgan takliflarni birgalikda muhokama qildi.
Bundan tashqari, qo‘mita raisi Qo‘qon shahrida ham bo‘lib, davlatimiz rahbarining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha shahar prokuraturasida tashkil etilgan shtab faoliyati bilan tanishdi.

Qo‘qon shahar mahallalarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosini o‘rgandi.
Shuningdek, shahar sog‘liqni saqlash bo‘limida, davlat kadastrlar palatasi Qo‘qon shahar filialida, shahar soliq inspeksiyasida korrupsiyaning oldini olish va ularni barvaqt bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi. Ushbu jarayonda bu yo‘nalishdagi faoliyatni qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, “Rayxon”, “Nurafshon” MFYlarida aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, mahallalar yettiliklari tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. Korrupsiya holatlari va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha taklif-tavsiyalar berildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA