Korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari sarhisob qilindi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining 2026-yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda Kompayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati komplayens inspektori Murodjon Abduraimov amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar xususida axborot berdi. Ta’kidlanganidek, joriy yilning birinchi yarmida jamiyatda korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt aniqlash, ichki nazorat tizimini takomillashtirish, shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, 5 ming 700 nafardan ortiq xodim tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalar rasmiylashtirilib, ular tahlil qilindi. Natijada 14 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Shuningdek, “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali aniqlangan holatlar o‘rganilib, amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkiliy choralar ko‘rildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda jamiyat boshqaruv apparati va 8 ta filial faoliyatining 17 ta funksiyasi bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholanib, natijalari “E-anticor.uz” platformasiga joylashtirildi. Aniqlangan xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, uning ijrosi ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, davlat xaridlari va shartnomalar monitoringi, ishga qabul qilish jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash, kontragentlarni tekshirish hamda xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va kiberxavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan 23 ta seminar va davra suhbati tashkil etildi. Ularda 845 nafar rahbar va xodim ishtirok etdi.
Brifing yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javoblar berildi. Tadbirda “O‘zbekko‘mir” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish, halollik tamoyillarini mustahkamlash va shaffof boshqaruvni ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
A.Musayev,O‘zA.