Korrupsiyaga qarshi kurashish – burchimiz
MIB Sirdaryo viloyati boshqarmasida korrupsiyaning oldini olish, qonun buzilishlari, ularning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish maqsadida huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda boshqarma xodimlari hamda tuman-shahar bo‘limlari mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda xodimlar xizmat vazifalarini bajarish vaqtida hamisha ogoh bo‘lishi va aholi o‘rtasida muomala madaniyatini yaxshilab borish kerakligi haqida so‘z bordi. Qolaversa, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik asosiy maqsadlardan biri ekanligi ta’kidlandi.

Byuro xodimi o‘z faoliyatini qonuniylik, mas’uliyat, adolatlilik, halollik va xolislik asosida olib borishi kerak. Kasbga, xizmat burchiga va davlat siyosatiga sodiq bo‘lishi, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlashga hissa qo‘shishi kerak.
– Korrupsiya jamiyat taraqqiyoti uchun juda xavfli jinoyat bo‘lib, davlatni ich-ichidan yemirib boradi, – deydi MIB Sirdaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Jasur Kenjayev. – Bu illat davlat va jamiyatda sog‘lom muhitning qaror topishi, mamlakat barqarorligi, tinchligi va taraqqiyotiga xavf soladi.

Adolat qaror topgan jamiyatda yashash uchun nafaqat davlat organlari, idoralarida faoliyat yuritayotgan xodimlar va rahbarlar, balki, har birimiz korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning burchimiz ekanligini anglashimiz, uning oldini olish, yo‘q qilish, unga murosasiz munosabatda bo‘lishda mas’ulmiz.
Shuhrat Suyarov, O‘zA