Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurash” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rahbarlari, viloyat davlat soliq boshqarmasi tizimidagi xodimlar ishtirok etdi.
Har birimiz hayotimizda korrupsiya haqida ko‘p bora eshitganmiz. Ilmiy nuqtai nazardan korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir. Korrupsiyani xalq tilida oddiygina poraxo‘rlik deb ham atash mumkin.
Tadbirda ta’kidlandiki, Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasining O‘z xavfsizligi va komplayens nazorat bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiya, poraxo‘rlik, mansab bilan bog‘liq salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olishda shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha amaliy uslubiy qo‘llanmasiga asosan tizimli ravishda ishlar amalga oshirilgan.

– Viloyat davlat soliq boshqarmasi, shahar va tuman davlat soliq inspeksiyalari jamoalari o‘rtasida jami 300 ga yaqin seminar, yig‘ilishlar, profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan, – deydi Xorazm viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nurilla Nurillayev. – Shaxsiy tarkib xodimlarini ish faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvlar natijasida 142 nafar xodim bilan individual tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilishi to‘g‘risida tavsiya va ogohlantirish berilgan. Shuningdek, 19 ta holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi va 36 ta holat bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib, 87 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Ularning ikki nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan bo‘lsa, yana ikki nafari ishdan bo‘shatilgan.
Soliq tizimida asosiy masala soliqlarni to‘g‘ri hisoblab byudjetga tegishli bo‘lgan summani o‘z vaqtida jamg‘arib olishdir. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1 ming 209 nafar noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolar aniqlanib, faoliyati qonunga muvofiqlashtirildi. Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali usuli bu – har bir fuqaroda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish, shuningdek, ijtimoiy hayotda bo‘layotgan voqea-hodisalar ustidan kuchli jamoatchilik nazorati ekanligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida har bir inson o‘zida korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishi lozimligi qayd etilib, uning ayanchli oqibatlari bir qator hayotiy misollar yordamida tushuntirib berildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA