Korrupsiya taraqqiyot kushandasi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi.
Shuni alohida e’tirof etish kerakki, bugun O‘zbekistonda raqamlashtirishni korrupsiyaga qarshi kurashning muhim omili sifatida qaralmoqda. Bu borada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Shunga qaramay, raqamlashtirishning to‘liq samaradorligi uchun qonun ustuvorligi, jamoatchilik nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan siyosiy iroda kabi boshqa omillar ham muhim ahamiyatga ega. Bu omillarning mavjudligi raqamli texnologiyalarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi rolini yanada kuchaytirmoqda.
Jumladan, “O‘zmilliybank” AJning Farg‘ona viloyati Bosh boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tasdiqlangan reja doirasida ushbu illat tahdidlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha xarita ishlab chiqildi. Korrupsiya xavfi darajasi aniqlanib, uning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati shakllantirildi. Bu yo‘nalishdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha bank faoliyati funksiyalari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ochiq elektron platformasida joylashtirilganini ham alohida ta’kidlash joiz.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday izchil tadbirlar yosh xodimlarning nazariy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish bilan birga, ularni o‘z xalqi, Vatan manfaati yo‘lida halol mehnat qilishga, hushyor va e’tiborli bo‘lishga o‘rgatadi. Zero, bank tizimi xodimi o‘z vazifasini vijdonan bajarishi, o‘zini va kasbini hurmat qilishi, mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishi shart. Bitta xato nafaqat uning kasbiy faoliyatiga, balki bank imidjiga ham putur yetkazishi mumkin. Bank mijozlari orasida chet el fuqarolari — sayyohlar, ishbilarmonlar va investorlar bo‘lsa, yo‘l qo‘yilgan salbiy holatlardan butun mamlakat obro‘siga putur yetadi. Bu holatda mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritmoqchi bo‘lganlar safi kamayadi, mijozlar yo‘qoladi.
Hurmatli fuqarolar!
Bank muassasalari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, uning yuzaga kelishining sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, bankimiz korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu turdagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni samarali tashkil etishda fuqarolarning faolligi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Agar siz “O‘zmilliybank” AJ, uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligiga guvoh bo‘lsangiz yoki xodimlarning korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga aloqadorligi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, (78) 148-00-89 raqamlari orqali “O‘zmilliybank” AJ ning ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaatingiz qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqiladi va korrupsiya aniqlangan hollarda hal qiluvchi choralar ko‘riladi.
“O‘zmilliybank” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan barcha hamkasblarni o‘z xizmat vazifalarini halol va xolis bajarishga, korrupsiya ko‘rinishlarini e’tibordan chetda qoldirmaslikka, ularning ovozini o‘chirishga urinmaslikka chaqiramiz.
“O‘zmilliybank” AJ
matbuot xizmati