Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadigan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Bu o‘zgarishlar natijasida bugun korrupsiya yurtdoshlarimiz ongidan ham chekinib bormoqda. Lekin jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi bu illatning yurtimiz kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ta’lim sohasida mavjudligi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan salbiy holatdir.
Yurtimizda keyingi yillarda oliy ta’lim sohasida xizmat qilayotgan xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, ularning jamiyatimizdagi ijtimoiy mavqei yanada mustahkamlanmoqda.
So‘nggi yillarda soha xodimlarini ijtimoiy ta’minotini yaxshilash uchun bir qator ishlar amalga oshirilayotganligi, hususan professor- o‘qituvchilar imtiyozli kreditlar asosida uy-joy, transport vositalari bilan ta’minlangani, oylik ish haqiga ustamalar joriy etilganini islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini qayd etish joiz.
bugungi kunda yurtimizda juda ko‘plab o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilayotgani, oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida sohada faoliyat yuritish tom ma’noda faxrli kasbga aylangani, bu g‘amxo‘rlik va imkoniyatlarga javoban avvalo, professor-o‘qituvchilar kasbiy burchlarini vijdonan bajarishga mas’uldir.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, buning uchun jamiyatimizning har bir a’zosi mas’ul bo‘lishi unga qarshi kurashda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarmog‘imiz lozim. Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”.
O‘tgan haftada mamlakatimiz rivoji yo‘lida yana bir muhim hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil
6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni korrupsiyaga qarshi kurashni yanada takomillashtirishda muhim asosga aylandi.
Farmonda “Korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilansin”, deya qayd etildi. Shu iqtibosning o‘ziyoq, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash naqadar muhim ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash joizki, yoshlarning oliy ta’lim bilan ilk uchrashuvlari albatta, qabul jarayonlari, kirish imtihonlarida bo‘ladi. Bu jarayonning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, unda yoshlarning nafaqat ta’lim tizimi, balki butun jamiyat haqidagi fikri shakllanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sir emaski, ma’lum bir davrda kirish imtihonlari korrupsiya va adolatsizlik holatlari eng ko‘p uchraydigan jarayonlardan biri sifatida qayd etilardi. Shuning uchun ham oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar ayni shu tizimda shaffoflikni ta’minlashdan boshlandi.
Hozirda yurtimizda ko‘pchilik uchun hayajonli onlar – oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Qabul jarayonlari hamda kirish imtihonlarining shaffof va adolatli tarzda tashkil etish oliy ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Shu bois, barchamiz ogoh bo‘lmog‘imiz, nafaqat o‘zimiz, balki atrofimizdagilarning ham bu jarayonlarda qing‘ir yo‘llardan foydalanmasligi uchun kurashmog‘imiz zarur.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti xodimlari zimmalaridagi mas’uliyatni chuqur anglagan holda hamda ijobiy tajribalarini uyg‘unlashtirib, qabul jarayonlarini adolatli va shaffof tashkil etish borasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, 2019 yilgi qabul jarayonlaridan boshlab barcha imtihon jarayonlari videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinadi hamda institut rasmiy veb-saytida onlayn tarzda namoyish etiladi.
Abituriyentlarning bajargan ishlarini baholashga komissiya raisi sifatida institutda faoliyat yuritmaydigan taniqli ijodkor rassomlar, haykaltaroshlar, amaliy san’at ustalari, dizaynerlar, san’atshunoslar, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, O‘zbekiston xalq rassomlari hamda O‘zbekiston san’at arboblari jalb etilib, imtihon natijalari shu kunning o‘zida institut veb sayti orqali e’lon qilinadi.
Eng asosiysi, qabul jarayonlarida korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi jirkanch holatlar kuzatilmasligi uchun institut tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar ko‘riladi. Bugun talabalikka tavsiya etiladigan yoshlar sohaning ertasini belgilab berishini anglagan holda, bu jarayonga institutning barcha xodimlari jiddiy e’tibor bilan yondashmoqda. Barcha abituriyentlar bir xil sharoitda institut tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlarda o‘z mutaxassisligidan vazifa bajarishi uchun qog‘oz, xolst, loy va boshqa zaruriy jihozlar bilan ta’minlanadi.
Albatta, korrupsiyani bu kabi oldini olishga qaratilgan choralar natijasida oxirgi ikki yilda institutimizdagi qabul jarayonlarida shaffof muhit shakllandi, korrupsion holatlar aniqlanmadi.
Ammo bu fakt bizni aslo xotirjamlikka berilishimizga sabab bo‘lolmaydi.
O‘zbekistonda yagona badiiy ta’limga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti respublikamizda ham, jahon miqyosida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan dargoh hisoblanadi. Bu muassasada qanchadan-qancha aziz ustozlarning mehnati, xotirasi saqlanib turibdi. Albatta, biz ham o‘z bajarayotgan ishimiz, berayotgan ta’limimiz orqali ularga munosib izdosh bo‘lishimiz lozim.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkazilishi ham belgilab qo‘yildi.
Ushbu qaror asosida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining tegishli buyruqlariga ko‘ra Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga kirish kasbiy (ijodiy) imtihon dasturlari va baholash mezonlari, imtihon komissiyasi raislari va a’zolari tarkibi hamda imtihon o‘tkazish sanasi va tartibi tasdiqlanib, 33 kishidan iborat bo‘lgan qabul komissiyasi ro‘yxati shakllantirildi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 2 ta mutaxassislik fanidan olinishi belgilandi: “Chizmatasvir” va “Kompozitsiya”. Amaliy ishni bajarish uchun har biriga 160 daqiqa vaqt ajratilishi belgilandi.
Institut kengashining navbatdagi yig‘ishida institut rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilari hamda qabul komissiyasi a’zolari bilan 2021/2022 o‘quv yili qabulini yuqori saviyada tashkil etish, qabul jarayonlarini shaffof va adolatli o‘tkazish, korrupsiya holatlarining oldini olish yuzasidan barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tasdiqlangan kvotaga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilida institutimizga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakliga jami 410 ta, shundan 90 ta davlat granti, 320 ta to‘lov-kontrakt, sirtqi ta’lim shakliga 100 ta to‘lov-kontrakt va magistratura mutaxassisliklariga jami 65 ta, shundan 18 ta davlat granti, 47 ta to‘lov-kontrakt asosida kvotalar ajratildi.
2021 yil 22 iyun kunidan e’tiboran institutning bosh o‘quv binosi hovlisida karantin qoidalariga rioya qilgan holda, abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun Maslahat markazi tashkil etildi va qabulga oid zarur bo‘lgan ma’lumotlar bilan jihozlandi.
Shuningdek, abituriyentlarga qulayliklar yaratish maqsadida CALL-CENTR (Aloqa) xonasi tashkil etildi.
Yuqorida qayd etilgan Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini institutda to‘liq ta’minlash hamda 2021/2022 o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini adolatli, shaffof tarzda, karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Qabul jarayonlari davomida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiya illatining oldini olish maqsadida institut Jamoatchilik Kengashi tarkibiga yoshlar vakillari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, el ardog‘ida bo‘lgan san’at arboblari hamda xalq rassomlarini jalb etamiz.
Shuningdek, qabul jarayonlarini muntazam ravishda institutning ijtimoiy tarmoqlardagi mrdi.uz veb-sayti, facebook va telegram (t.me/mrdi_qabul_2021) kanallarida hamda boshqa ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borilishini ta’minlaymiz.
bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan badiiy ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik barchamizning qalbimizni faxr va iftixorga to‘ldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kelgusi yillarda institutimizda zamon talabiga mos bo‘lgan qo‘shimcha bino qurilishi, oliy rassomlik kurslarining tashkil etilishi va boshqa bir qancha e’tiborli yangiliklar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Mana shu e’tibor va ishonchga biz ham labbay, deb javob bermog‘imiz lozim. Buning uchun esa eng avvalo, o‘z ishimizni vijdonan bajarmog‘imiz shart.
Nodirbek Sayfullayev,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining rektori.