Korrupsiya: talabaning “qo‘liga qarash” yo‘q
Korrupsiogen holatlar ko‘p uchraydigan soha sifatida oliy ta’lim tizimining aytilishi jamiyatimizda oddiy holga aylangandek. Kuni kecha matbuot sahifalarida e’lon qilingan ma’lumot ham dilni xira qiladi. Lekin, keling, oliy ta’lim tizimiga oxirgi yillarda joriy qilingan yangiliklarni, o‘zgarishlarni tahlil qilib ko‘raylik.
Institutga o‘qishga kirish – yaqin tarixdan hammaga ma’lum: ko‘p hollarda pul bilan hal qilinar edi. Oxirgi yillarda DTM orqali o‘tkazilayotgan test sinovlari OTMning ishtirokisiz amalga oshirilmoqda. Hujjat topshirishdan to mandatgacha bo‘lgan jarayon inson omilisiz o‘tyapti – raqamlashtirish jarayoni amalda. Korrupsiya holati to‘liq nolga tenglashgan. “Bolamni o‘qishga kiritib qo‘ying”, degan zamon emasligini hamma ko‘pchilik yetdi.
Oliy ta’lim muassasasida ta’lim jarayonlarini yangi platforma – Hemis dasturi orqali boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Tizimni raqamlashtirish jarayoni hisobiga o‘z-o‘zidan korrupsiya holati yo‘q bo‘lib ketishi kerak. Albatta, bunda dasturning to‘liq ishlashi juda muhim.
Tizimda yangi “Komplayens-nazorat” tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi samarali yo‘lga qo‘yildi, ularning maoshi 3,5-4 barobariga ko‘paydi, natijada professor-o‘qituvchining nufuzi ortib, talabaning “qo‘liga qarash” or-nomus darajasiga ko‘tarildi.
O‘qishni ko‘chirishda tub o‘zgarishlar yo‘lga qo‘yilmoqda – “perevod”larga ikki holatdan tashqari barcha holatlarda ruxsat yo‘q.
Axborot maydonida e’lon qilingan ma’lumotda oliy ta’lim tizimida korrupsiya holati “qoniqarsiz” baholangan. Bu ma’lumotga tashvishli “signal” sifatida qarash, undan xulosa chiqarish va zarur harakatlarni amalga oshirish kerak. Bunday holatga har bir jamoa murosasizlik kayfiyatida bo‘lib, ustoz-o‘qituvchi va olim sharafi, nufuzi uchun korrupsiya illatlariga ham so‘zi ham amali bilan qarshi bo‘lishi kerak.
Korrupsiya shunday illatki, uning qaysi tizimda bo‘lishidan qat’iy nazar har qanday ko‘rinishi tizimning samarali rivojlanishiga katta to‘siq, soha imiji uchun qora dog‘ hisoblanadi. Bugun keng islohotlar nafasi bilan yashayotgan oliy ta’lim muassasalarining jamoasi korrupsiya holatlariga murosasiz nafrat tushunchasini shakllantirish bilan bu tizimda adashib yurgan shaxslarni siqib chiqarmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati davlatimiz rivoji, odamlarimizning bugungi kunda rozi bo‘lib yashashi tamoyillariga qaratilgan. Har bir sohada qonun ustuvorligini ta’minlash, innovatsion g‘oyalarni joriy etish bilan birga korrupsiyasiz tizimni shakllantirish davr talabi, vijdonimiz da’vati bo‘lishi kerak.
Alisher Samadov,
TDTU Olmaliq filiali direktori, texnika fanlari doktori, professor.
O‘zA