Korrupsiya – rivojlanish yo‘lidagi g‘ov
Namanganda Prezident huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslari bilan ishlash tuzilmalarining o‘rnini kuchaytirish, davlat muassasalarida xodimlarni boshqarish sohasida yuzaga kelayotgan mavjud muammolarga yechim topishga ko‘maklashish maqsadida o‘quv-seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi o‘quv seminari viloyat xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimlaridagi kadrlar bilan ishlash tuzilmalari mas’ul xodimlari ishtirokida tashkil etildi. Unda viloyat prokuraturasi, Bandlik bosh boshqarmasi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining malakali mutaxassislari, oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasbiy axloq-odobni, korrupsiyaga qarshi turish madaniyati va unga toqatsiz munosabatni shakllantirish, mehnat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish, inson resurslarini samarali boshqarish yo‘nalishlarida tushunchalar berdi.

– Jamiyat rivojlanishida kadrlar salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni shu boisdan ham so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali bosh inspektori Dilnoza Akramova.

– Shu ma’noda, boshqaruv kadrlarini tanlab olish, saralash yo‘nalishida belgilangan vazifalar ijrosi davlat boshqaruvini zamon talabi darajasiga chiqarishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Seminarda korrupsiyaning oldini olish, unga barham berishda faqat davlat va hukumatning kuchi bilangina erishib bo‘lmasligi, shuning uchun mazkur ijtimoiy illatga qarshi butun jamiyat, barcha fuqarolar kurashishi zarurligi qayd qilindi.

Shuningdek, mehnat munosabatlari to‘g‘ri tashkil etilmaganligi natijasida so‘nggi vaqtlarda mehnat nizolari bo‘yicha murojaatlar soni ko‘payib ketganligi tanqid qilindi. Bu esa o‘z navbatida davlat tashkilotlarida faoliyat yurituvchi xodimlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul kadrlarning salohiyatini yanada oshirib borishni taqazo etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA