Korrupsiya – jamiyat kushandasi
Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir. Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, zarur choralar kuchaytirilmoqda.
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan muloqotda davlat va jamiyat rivojiga bolta uradigan illat xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Davra suhbatida To‘raqo‘rg‘on tumani prokuraturasi hamda Davlat xavfsizligi xizmati mas’ul xodimlari ishtirokida kechgan tadbirda stansiya rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, boshqa mas’ul mutaxassislar qatnashdi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining korrupsiyaning oldini olish va “komplayens-nazorat” boshqarmasi mas’ul xodimi Bahodir Nishonxo‘jayev joriy yilning 5 mart kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarga batafsil to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, korrupsiya – jamiyat taraqqiyotining kushandasi, davlat va jamiyat uchun jiddiy xavf. Shu bois yurtimizda, xususan issiqlik elektr stansiyalari tizimida ham bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurashish, inson omili bilan bog‘liq ortiqcha to‘siq va byurokratik holatlarga barham berish yo‘lida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda, ishtirokchilarni korrupsiyaga qarshi kurashish borasida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan va amalga kiritilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan, maishiy sohadagi korrupsiya illatlariga qarshi hamjihatlikda bo‘lish, bu borada fidoyilik ko‘rsatish, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashish lozimligi qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.