“Korrupsiya – jamiyat kushandasi”
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Korrupsiya – jamiyat kushandasi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Tadbir Jizzax viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyat prokuratura, ichki ishlar, bojxona, davlat soliq boshqarmalari hamkorligida tashkil etildi.
– Prezidentimizning 2020 yil 26 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalari, korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari etib qayta tashkil etildi, – deydi Jizzax viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi kotibi, xalq deputatlari viloyat kengashi kotibiyati mudiri Nodira Karimova. – Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining tashkil etilganligi, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yil ikkinchi bor tashkil etilgan ushbu ko‘rik-tanlovda 20 nafarga yaqin ishtirokchi taqdim etgan materiallari atroflicha o‘rganib chiqilib, “Korrupsiya – jamiyat kushandasi” ko‘rik-tanlovining 5 ta yo‘nalish: “Eng yaxshi bosma nashr maqolasi” bo‘yicha “Jizzax haqiqati” gazetasi bo‘lim muharriri Asad Mustafoyev, “Eng yaxshi teleko‘rsatuv va radioeshittirish bo‘yicha” viloyat teleradiokompaniyasi direktor o‘rinbosari Parda Xolmatov, “Eng yaxshi internet maqolasi” bo‘yicha “Jizzax ovozi” gazetasi muxbiri Sayyora Mavlonova, “Eng yaxshi videorolik bo‘yicha” Jizzax shahar televideniyesi muxbiri Nabi Ergashev va “Eng yaxshi banner va yoki tasviriy san’at asari bo‘yicha” Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Jizzax shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati tasviriy san’at va chizmachilik fani o‘qituvchisi Shaxnoza Toshnazarova g‘olib, deb topildi.

Tanlovda faol ishtirok etgan 3 nafar ijodkorning maqolalari rag‘batlantiruvchi mukofotlarga loyiq topildi.
G‘olib va nominatsiya sohiblari rag‘batlantirildi.

A.Qayumov, O‘zA