Korrupsion jinoyat sodir etganlar davlat xizmatiga qabul qilinmaydi
Samarqand viloyati sudida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlar, “Odil sudlov – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat sudi rahbarlari va sudyalar tizimdagi so‘nggi o‘zgarish va yangiliklar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berib, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Qayd etilishicha, joriy yilning sakkiz oyi davomida Samarqand viloyati sudlarida 7566 nafar shaxsga nisbatan 6203 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan bo‘lib, bu ishlarning 463 tasini korrupsiyaga oid ishlar tashkil etgan. Korrupsion jinoyatga qo‘l urganlar soni (717 nafar shaxs) o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 160 nafarga ko‘paygan. Shu paytgacha 674 nafar shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan bo‘lib, 95 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 94 nafariga ozodlikni cheklash, 313 nafariga axloq tuzatish ishlari, 136 nafariga jarima, 13 nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlangan, 38 nafar shaxs jazo tayinlanmasdan yoki jazodan ozod qilingan holda hukm qilingan. Tahlil qilinganda ushbu turdagi jinoyatlarning 137 tasi yoshlar, 79 tasi ayollar tomonidan sodir etilgani aniqlangan. Jinoyatlar natijasida jami 81 milliard 604 million so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan va hozirgacha 61 milliard so‘m zarar qoplangan.

– Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi, – deydi Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Jahongir Arslonov. – Ushbu hujjat bilan 3 ta kodeks va 5 ta qonunga muhim o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga birinchi marta huquqiy ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyat kiritildi. Bular qatoriga mansab vakolatini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, firibgarlik va talon-torojlikning ayrim holatlari, shuningdek, korrupsiya orqali topilgan daromadlarni legallashtirish kabi qonunbuzarliklarni sanash mumkin. Endilikda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslarning elektron reyestri joriy etildi. Bu reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan qat’iy cheklovlar belgilandi. Xususan, ular davlat xizmatiga qabul qilinmaydi, saylanadigan lavozimlarga nomzod bo‘la olmaydi, davlat xaridlarida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ladi. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari tuzilishi shart qilib qo‘yildi. Qonun bilan korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilib, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi ham qayta ko‘rib chiqildi va tizimli ravishda murakkablashtirildi. Mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori BHMning 30 baravarigacha oshirilishi belgilandi.

Matbuot anjumanida viloyat sudining fuqarolik, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari sudyalari, viloyat ma’muriy sudi sudyasi tomonidan davlatimiz rahbarining shu yil 14-avgustda qabul qilingan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar, mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi islohotlarning navbatdagi bosqichi haqida so‘z yuritdi.

– “Odil sudlov – 2030” strategiyasi 57 vazifa, 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan 160 chora-tadbir va 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 33 maqsadni qamrab oladi, – dedi Samarqand viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi G‘olib Vohidov. – “Xalqchil sud”, “Adolat qo‘rg‘oni”, “Kafolatlangan adolat”, “Adolat posbonlari”, “Raqamli odil sudlov”, “Xalqaro e’tirof” tamoyillari strategiyaning oltita asosiy ustuni hisoblanadi. Mazkur tamoyillarning har biri bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshiriladi. Sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishning xolisligi va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan boshlab umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan, yurisdiksiya hududida bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib qoladi, taftish instansiyasining vakolatlari esa hududlararo sudlarga beriladi.

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari viloyat sudi sudyalari ish jarayoni bilan ham tanishdi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri