Korrupsion holatlarga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahar IIO FMB profilaktika inspektorining noqonuniy harakati fosh etildi.
Inspektor mansabdor tanishlari orqali sobiq ichki ishlar xodimining tizimga qayta ishga tiklanishida yordam berish evaziga 7 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Namangan viloyati Chust tumani IIB profilaktika inspektori 1994 y.t. fuqaroga nisbatan kelib tushgan arizani ko‘rmasdan qoldirganligini ro‘kach qilib, undan 2 ming AQSH dollari talab qilgan va joriy yilning fevral oyida 700 AQSH dollari olgan.
Inspektor o‘zining noqonuniy harakatini davom ettirib, fuqarodan qolgan 1300 dollarni hamda kelgusida unga “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi orqali chorva mollarini noqonuniy olib o‘tishida rahnamolik qilish evaziga 2000 dollar, jami 3300 AQSH dollari so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda profilaktika inspektoriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165 va 168-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.