Korporativ boshqaruv takomillashmoqda
Termizda Prezidentimizning joriy yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Termizda Prezidentimizning joriy yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Surxondaryo viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi, xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish, adliya, moliya boshqarmalari vakillari, yirik aksiyadorlar, aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda xususiy sektorni izchil rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatda aksiyadorlik jamiyatlariga xalqaro andozalarga mos zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish, ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish belgilab berilgan. Chet el kapitali ishtirokida aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etish, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga e’tibor yanada kuchaytirilgan.
– Xususiy sektorda aksiyadorlik jamiyatlarining iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni va ishlab chiqarish salohiyati muhim ahamiyatga ega, – deydi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Ro‘ziyev. – Ushbu farmon aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini yangi bosqichda davom ettirish, mamlakatimiz taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Bu jarayonda eski bo‘linma va lavozimlar tugatilib, zamonaviy talablarga mos boshqarish tuzilmasi tubdan qayta tashkil etiladi. Davlat ulushiga ega aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari tarkibi korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va prinsiplari, menejment va marketingni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ishlab chiqarishni boshqarish tizimida qo‘llay bilishi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.
Surxondaryo viloyatida 38 aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Ularning 33 tasida davlat ulushi mavjud. Farmonga muvofiq, aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv tizimiga xorijiy menejerlar jalb etilib, ijro organi rahbarini tayinlash to‘g‘risidagi qarorni xorijiy menejerlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tanlov asosida qabul qilish tartibi joriy etilayotgani sohani yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. 2015-2018-yillarda barcha aksiyadorlik jamiyatlari yillik moliyaviy hisobotni nashr etishi, xalqaro audit standartlari hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq tashqi auditni o‘tkazishi belgilangani ular faoliyatining ochiqligini yanada oshiradi va aksiyadorlar ishonchini mustahkamlaydi.
– Farmonda aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini tubdan yaxshilash va aksiyadorlar vakolatlari mustahkamlab qo‘yilgan, – deydi termizlik yirik aksiyador Muhiddin Abdurahmonov. – Jumladan, aksiyadorlik jamiyatlarini strategik boshqarish, boshqaruv xodimlarining samarali faoliyatini nazorat qilishda aksiyadorlar, shuningdek, minoritar aksiyadorlar roli mustahkamlandi. Bu holat boshqaruv xodimlarining o‘z vazifasiga mas’uliyatini oshiradi. Aksiyadorlar va minoritar aksiyadorlar uchun yana bir imtiyoz yaratilib, xo‘jalik sudiga huquq va qonuniy manfaatlari buzilgani haqida da’vo arizasi bilan murojaat etganda, ularga davlat boji to‘lash muddati uzaytirilib, bu bojning aybdor tomonidan undirilishi belgilandi.
Boshqaruv xodimi sifatida jalb etilgan xorijlik mutaxassislar daromadi soliq va sug‘urta badallaridan ozod etilgani ham aksiyadorlik jamiyatlari uchun katta imtiyozdir.
– Aksiyadorlik jamiyatlariga korporativ boshqaruvning xalqaro tajribada sinovdan o‘tgan ilg‘or usullari keng joriy etilayotgani ijro organining aksiyadorlar va investorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlaydi, – deydi “Surxondaryooziqovqatsanoati” aksiyadorlik jamiyati qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha mutaxassisi Vahobjon To‘g‘onboyev. – Ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, mahsulot sifati va samaradorligi oshadi.
Seminarda faoliyati samarasiz bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarini tugatish yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirish, aksiyadorlik jamiyatlarining namunaviy tashkiliy tuzilmasi, korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi xususida ham atroflicha fikr almashildi.