Koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘paymoqda
Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, kasallik yuqtirish holatlarining ko‘paygani oltita mintaqaning to‘rttasida kuzatilgan. Ular: Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqalari.
"Bu xavotir uyg‘otadi, biroq ajablantirmaydi", — qo‘shimcha qildi Gebreyesus.
JSST ushbu holatga nima sabab bo‘layotganini o‘rganadi, deb va’da berdi bosh direktor.
Gebreyesusning fikricha, bu ehtimol cheklovlarning yumshatilishi, turli shtammlarning paydo bo‘lishi, shuningdek, odamlarning hushyorlikni yo‘qotishi bilan bog‘liqdir.
JSST rahbarining ta’kidlashicha, vaksinalar hayotni saqlab qolishga yordam beradi, lekin faqat ularga ishonib qolmaslik lozim.
"Jamoat salomatligini asrashning birlamchi qoidalari hali ham koronavirusga qarshi kurashning asosini tashkil etadi", — xulosa qildi u.
Tashkilotning ma’lum qilishicha, o‘tgan haftada dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 2,6 milliondan ortiq holat kuzatilgan. Bir hafta avval ushbu ko‘rsatkich 2,5 milliondan kam edi.
Hozirgacha sayyoramizda koronavirusga chalinganlar 113 million kishidan oshdi, 2,5 milliondan ortiq bemor hayotdan ko‘z yumdi. Eng ko‘p kasallanganlar va vafot etganlar bo‘yicha AQSH, Hindiston va Braziliya birinchi uchlikni egallab turibdi.