Ko‘rfaz OAV nigohida O‘zbekiston: 2026-yil may–iyun sharhi
Saudiya, BAA, Qatar va boshqa arab davlatlari matbuoti O‘zbekistonning energetika, futbol, savdo va turizm sohalaridagi yutuqlarini e’tirof etmoqda. Bu hamkorlik uchun yangi imkoniyat ochadi.
Saudiya Arabistoni: Rasmiy OAV, xususan “Saudi Press Agency” (SPA) davlat axborot agentligi va yirik nashrlar 2026-yil iyun oyi boshida O‘zbekistondagi yirik energetika loyihalariga to‘xtalgan. Ushbu yirik davlat matbuoti yurtimizda kichik quvvatli AES qurilishi boshlanishi, bu jarayonga Saudiya sarmoyasi kiritilishi, “ACWA Power” kompaniyasi yashil energiya loyihalari yo‘lga qo‘yilishining strategik ahamiyatini yuqori baholagan.
Shuningdek, Podshohlikning ingliz tilidagi bosh nashri – “Arab News” gazetasi JCH-2026 arafasida Markaziy Osiyodan birinchi marta yo‘llanma olgan “Oq bo‘rilar”ning imkoniyati, bosh murabbiy Fabio Kannavaro qo‘l ostidagi 40 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibning Toshkentdagi uch haftalik yig‘inini alohida maqola sifatida chop etdi.
Birlashgan Arab Amirliklari: BAA rasmiy WAM (Emirates News Agency) axborot agentligi 2026-yil may oyi yakunida o‘zbek to‘qimachilik va yengil sanoat kompaniyalarining ushbu davlat bozoriga kirib borishi hamda yetakchi amirlik brendlari bilan imzolanayotgan yangi savdo shartnomalari haqida maxsus hisobot e’lon qildi.
Bundan tashqari Amirliklarning sport nashrlari mahalliy “Baniyas” klubida to‘p suradigan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Otabek Shukurovning Jahon chempionatidagi ishtirokiga to‘xtalib, O‘zbekiston tarkibida “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov kabi yulduzlar borligi, ular Amirliklar futbol muxlislari uchun ham yaxshi tanish ekanini yozgan.
Qatar: QNA (Qatar News Agency) davlat axborot agentligi va “Al Jazeera” telekanali 2026-yil may oyida ikki davlat o‘rtasida erishilgan harbiy-texnik kelishuv mavzusini keng yoritgan edi. Iyun oyiga kelib esa arab sport sharhlovchilari O‘zbekistonning “K” guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR jamoalari bilan kuch sinashishiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, Qatar va O‘zbekiston futbolidagi yoshlar akademiyasi tizimini taqqoslab, yurtimizda yoshlar sportiga samarali investitsiya kiritilayotganiga urg‘u bergan.
Kuvayt: KUNA agentligi 2026-yil iyun oyi boshida Seuldagi xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekistonning turizm salohiyati, xususan Ko‘rfaz davlatlaridan kelayotgan sayyohlar uchun yaratilgan vizasiz rejim kabi qulayliklar haqida xabar berdi.
O‘mon va Bahrayn davlat nashrlari O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi transport-logistika zanjirini diversifikatsiya qilish va yashil sarmoya bo‘yicha tashabbuslari Yaqin Sharq uchun juda jozibadorlik kasb etayotganini ta’kidlagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA