Koreyalik sayyohlar oqimi Buxoroda ham ortib bormoqda
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi natijasida yurtimizga tashrif buyurayotgan koreyalik sayyohlar soni ortib bormoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga Janubiy Koreyadan 26 ming 500 nafar sayyoh tashrif buyurdi. Mazkur mamlakat uzoq masofali turizm bozorlari orasida sayyohlar oqimi bo‘yicha uchinchi o‘rinni qayd etdi.
Koreyalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi Buxoro viloyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qadimiy shaharning boy tarixi, Buyuk Ipak yo‘li merosi, betakror me’moriy obidalari va milliy madaniyati xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Joriy yil sentabr oyiga qadar Buxoro viloyatiga Janubiy Koreyadan 4 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurdi.
[gallery-31524]
Sayyohlar oqimining ortishi viloyatda turizm xizmatlarini Koreya bozori ehtiyojlariga moslashtirishga ham e’tiborni kuchaytirmoqda. Xususan, koreys tilidagi axborot va xizmatlarni kengaytirish, maxsus turistik paketlar ishlab chiqish, koreys tilini biladigan gidlar faoliyatini rivojlantirishga ustuvor vazifalar sifatida qaralmoqda.
Shuningdek, Buxoroning tarixiy-madaniy, gastronomik va ziyorat turizmi imkoniyatlarini Janubiy Koreya bozorida keng targ‘ib qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA