Koreyalik ekolog mutaxassislar – Toshkentda
FOTOREPORTAJ
Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik ekspertiza yo‘nalishida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarni o‘rganish hamda kelgusida ushbu sohada hamkorlik o‘rnatish maqsadida Koreya atrof-muhit instituti mutaxassislaridan iborat delegatsiya poytaxtimizda bo‘lib turibdi.
Delegatsiya a’zolari Davlat ekologik ekspertizasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda atrof-muhitni muhofazasi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
[gallery-20186]
Yurtimizda atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimini takomillashtirish, soha qonunchiligining xalqaro standartlarga mos mexanizmlarini yaratish ayni zarurat. Bu borada Koreya tajribasini o‘rganish, “Atrof-muhit bo‘yicha qarorlar qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki va odil sudlovga erishish to‘g‘risida” Orxus konvensiyasi doirasida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.
Koreyalik mutaxassislarga Davlat ekologik ekspertizasi markazi huzurida sinov laboratoriyasini tashkil qilish, ekologik monitoring, raqamlashtirish va integratsiya darajasini oshirish, xususan, monitoring va ma’lumot almashinuvi tizimini takomillashtirish uchun raqamli infratuzilmani yaxshilash chora-tadbirlari xususida ma’lumot berildi.
Koreya delegatsiyasining yurtimizga tashrifi 7 noyabrga qadar davom etadi.
Kamola YUSUPOVA,
Muhammad AMIN (surat), O‘zA