Ko‘p qavatli uyning bir qismi xatlovga olindi
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida besh qavatli turarjoy binosini qurish uchun tijorat bankidan olingan kredit mablag‘ini ixtiyoriy to‘lashdan bosh tortgani sababli “International Golden House” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bu harakati sud tartibida ko‘rib chiqildi.
Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan tadbirkordan da’vogar foydasiga 23 milliard 348 million 468 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilandi.
Ijro hujjati MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgach, qarzdor quruvchi Sariosiyo tumanidagi Billur mahallasida 5 qavatli turarjoy binosini bunyod etish uchun olgan kredit mablag‘ini maqsadli sarflamagani, qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagani ma’lum bo‘ldi.
– Ijro harakatlari chog‘ida garov shartnomasiga asosan mazkur binoning foydalanish maydoni 2 ming 397 kvadrat-metr bo‘lgan yerto‘lasi va birinchi qavatidagi 78 ta xona 14 milliard 300 million so‘mga baholanib, xatlovga olindi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Qobiljon Tursunov. – Belgilangan muddatda kredit qarzdorligi bartaraf etilmasa, sudning ijro hujjatiga asosan xatlovga olingan mulk auksion savdosi orqali sotuvga chiqariladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri