Ko‘p qavatli uylarning kirish qismiga tejamkor lampalar o‘rnatilmoqda
Davlatimiz rahbari joriy yil 31 oktyabr kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishish, shuningdek, kuz-qish mavsumida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda energiya resurslaridan oqilona foydalanish va tejash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, boshqarmaning tuman, shahar bo‘limlari, boshqaruv kompaniyalari tomonidan viloyatdagi ko‘p qavatli uylarning pod’ezd va kirish qismlaridagi mavjud lampalar quyoshdan quvvat oluvchi hamda boshqa turdagi elektr tejamkor lampalarga almashtirilmoqda.

Viloyatdagi mahallalar, aholi xonadonlari hamda ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklariga 588 ming 165 dona harakatga ishlovchi sensor datchikli lampalar, 6 ming 535 dona quyosh paneli, 2 ming 935 dona quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatish, aholi tomonidan elektr energiyasi iste’molini 123,7 million kVt soatga qisqartirish belgilangan.
bugungi kunga qadar viloyatdagi jami 1 ming 796 ta ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklariga 1 ming 500 donadan ortiq tejamkor, harakatga ishlovchi sensor datchikli chiroqlar o‘rnatildi. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash hamda Uy-joy boshqarmasi tomonidan mahalla raislari, hokim yordamchilari orqali aholi xonadonlarida kuz-qish mavsumida elektr energiyasini qisqartirish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Andijon, Xonobod shaharlari hamda Qo‘rg‘ontepa tumani uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limlari, aloqador tashkilotlar tomonidan mazkur hududlardagi targ‘ibot ishlari yuqori samaralar bermoqda. Jarayonda tejamkor lampalarning tejamkorligi, elektr energiyasida uzilish bo‘lgan taqdirdagi afzalliklari haqida ma’lumotlar berilayotir.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA