Kooperatsion aloqalar mustahkamlanmoqda
“O‘zekspomarkaz”da IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davom etmoqda.
“O‘zekspomarkaz”da IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davom etmoqda.Xalqaro anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zdonmahsulot” va “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyalari, “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyasi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar mahsulotlari, shuningdek, Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlari korxonalarining taqdimotlari o‘tkazildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu qurilish-pardozlash materiallariga bo‘lgan talabni oshirayotir.
Yurtimizda bunday materiallar ishlab chiqaradigan korxonalar talaygina. Keyingi yillarda ular safiga ushbu sohaga ixtisoslashgan kichik biznes subyektlari ham qo‘shildi. Tarmoqda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va diversifikatsiya ishlari samarasida mahsulotlar turi va sifati oshib bormoqda.
– 2013-yilda tashkil etilgan korxonamizda quruq qorishmalar, travertin, bo‘yoq, emulsiya, lak singari import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi “Samarqand lak bo’yoq” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shuhrat Muhiddinov. – To‘liq mahalliy xomashyodan foydalanilayotgani bois mahsulotlarimiz narxi xorijnikidan ancha arzon, sifati ulardan qolishmaydi. Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida birinchi marta ishtirok etyapmiz. Maqsadimiz yangi xaridorlar topib, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, mahsulot turini ko‘paytirish va ularning eksportini yo‘lga qo‘yishdir.
IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida yurtimiz sanoat korxonalari, firma va kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ko‘plab mamlakatlardan ishbilarmonlar ishtirok etmoqda.
– Ushbu sanoat yarmarkasida o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etayotgan konsern va kompaniyalar, xususiy korxonalar faoliyati, mamlakatingizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bilan tanishdik, – deydi Xitoyning “Chung Kee Transport” kompaniyasi vakili Shen Ze. – O‘zbekistonda xorijlik ishbilarmonlar uchun yaratilgan keng sharoit va imtiyozlar g‘oyat ahamiyatlidir. Biz ham o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan transport va logistika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni kelishib oldik.
Tadbir doirasidagi taqdimot va kelishuvlar mamlakatimiz sanoat korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.