Konstitutsiyaviy sud faoliyati takomillashadi
Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi o‘tkazildi.
Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonunning ishlab chiqilishiga nima sabab bo‘ldi?
Hozirgi kunda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinadi. Biroq Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning o‘zi tomonidan tasdiqlangan reglament bilan belgilab berilgan. Biroq aksariyat mamlakatlarda bunday norma qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim bo‘lgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Qonun bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi sub’ektlar doirasi kengaytirilmoqda.
Shuningdek, qonunda Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va o‘rganish masalalari aniq qilib belgilanmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yangi bosqichga ko‘taradi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA