Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamada
Surxondaryo viloyatida sektorlar, mutasaddi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari tumanlar va Termiz shahridagi mahallalarda bo‘lib, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Prezidentimizning Surxondaryo viloyati Xalq qabulxonasi mudiri Abdulhakim Eshmuratov Konstitutsiyaviy qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan muloqotlarini Sherobod tumanidagi Chorbog‘, Vandob, Qizilolma, G‘urjak-2, Uzunsoy mahallalaridan boshladi. Uchrashuvda tuman hokimi Z. Davlatov, sektorlar va tashkilotlar rahbarlari, mahallalar aholisi ishtirok etdi.

Tadbirda konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun – mohiyati, inson qadrini ulug‘lashdagi o‘rni, Yangi O‘zbekistonni yangi bosqichda rivojlantirishdagi ahamiyati va keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, madaniy va boshqa sohalarida yuz bergan yangilanishlarga e’tibor qaratildi. Qayd etildiki, so‘nggi yillarda davlat va jamiyat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatilib, so‘z, din va e’tiqod hamda demokratik erkinliklar sohasida tub yangilanishlar amalga oshirildi. Mintaqa davlatlari bilan munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi imidji sezilarli darajada oshdi.

“Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilib, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi amaliy ishtirokini ta’minlash masalasi kun tartibiga olib chiqildi. Mamlakatimiz hayotida qisqa yillarda sodir bo‘lgan ana shunday ulkan o‘zgarishlar Konstitutsiyaviy tuzatishlarni taqozo etdi. Shunga muvofiq loyihada Bosh qomusimizning 60 dan ortiq moddasiga o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda. Qator yangi modda va yangi normalar kiritilishi kutilmoqda.
Tadbirda Asosiy qonunimizga insonning huquq va erkinliklari, mehnat munosabatlari, oila, sud-huquq sohasi, tadbirkorlik, yerga oid masalalar, ekologiya, tibbiyot, ta’lim va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda taklif etilayotgan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar haqida atroflicha fikr almashildi. Aholini mazkur siyosiy jarayonda yanada faol ishtirok etishga undadi.

Uchrashuvda fuqarolarning taklif mulohazalari va muammolari tinglandi. Yo‘l qurilishi, elektr ta’minoti, moddiy yordam va boshqa qator masalalarning aksariyati joyida hal etildi. Ma’lum vaqt va mablag‘ talab etiladigan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Shu kuni A.Eshmuratov mahalla ayollar faollarining “Ayollar daftari” bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari, hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilarining mahallalardagi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA