Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar – hayotiy zaruriyat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Joylarda mazkur huquqiy hujjatning umumxalq muhokamalari bo‘lib o‘tmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh Qomusimizning 60 dan ortiq moddalariga 200 dan ziyod tuzatishlarni nazarda tutmoqda. Asosiy Qonunimizga kiritiladigan yangiliklar “Inson – jamiyat – davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni ko‘zda tutadi.
Ma’lum, shu yilning 20 iyun kuni davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiyasi a’zolari bilan uchrashdi. Unda Prezidentimiz Bosh Qomusimizga o‘zgartirish kiritish yuzasidan fuqarolar tomonidan bildirilgan ayrim takliflarga munosabat bildirish asnosida o‘z takliflarini ham ilgari surdi. Xususan, mamlakatimiz rahbari komissiya a’zolari e’tiborini to‘rt ustuvor yo‘nalish – “Inson huquq-erkinliklari va manfaatlari”, “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat”, “Erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish”, “Insonparvar va demokratik huquqiy davlat qurish” yo‘nalishlariga qaratdi. Ana shulardan kelib chiqib, “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil Yangi Konstitutsiyamizning bosh g‘oyasi bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Uzoq yil matbuot va televideniye sohasida olib borgan faoliyatim davomida shunga amin bo‘ldimki, so‘nggi besh yilda so‘z erkinligi, axborot olish kafolatlari va soha egalari faoliyatiga bugun har qachongidan ko‘p e’tibor qaratilmoqda. Bu o‘z navbatida hayotimizga internet jurnalistikasi, ijtimoiy tarmoqlar kirib kelishiga sabab bo‘ldi. Amaldagi Konstitutsiyamizda hokimiyatning bo‘linish prinsiplari belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, mamlakatimizda Qonun chiqaruvchi, Ijro etuvchi va Sud hokimiyatlari faoliyati qonunan belgilangan. Shu o‘rinda yangi Konstitutsiyamizda butun dunyoda tan olingan, ya’ni ommaviy axborot vositalarining “To‘rtinchi hokimiyat” maqomini belgilab qo‘yilishi ushbu soha egalarining yanada emin-erkin faoliyat olib borishlarida muhim ahamiyat kasb etar edi.
Tarixdan ayonki, har bir davlatning rivojlanish tarixi ma’lum bir bosqichlar bilan belgilanadi. Shu jihatdan, so‘nggi besh yilda mamlakatimizni rivojlantirish maqsadida “Harakatlar strategiyasi” ishlab chiqilib, 2017-2021 yillar davomida mazkur dastur doirasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Ayni paytda esa 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Taraqqiyot strategiyasi” bosqichi amalga oshirilmoqda. Mazkur muhim jarayonlardan kelib chiqib, mamlakatni boshqarish va rivojlantirishda asosiy shaxs hisoblangan Prezidentlik vakolatini besh yildan yetti yilga uzaytirilishi taklifini ilgari surgan bo‘lar edim.
Zero, bu bilan yangi boshlangan keng ko‘lamli islohotlar, inson qadrini ulug‘lovchi hayotbaxsh tamoyillar o‘z samarasini bergan bo‘lar edi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. Shu yilning 25 iyunidan boshlangan umumxalq muhokamalari natijasi umumlashtirilib, qonun loyihasi yanada takomillashtiriladi.
Muhammadjon Maqsudov,
Namangan viloyati teleradiokompaniyasi direktori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
O‘zA