Konstitutsiya – xalqning yuzi, millat g‘ururi
Bundan 32 yil muqaddam ezgu maqsadlar bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizga eng to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dasturilamal bo‘la olgani bugungi kunda mamlakatning qudrati va salohiyatida o‘zini har tomonlama namoyon qilmoqda.
Inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiq bo‘lgan, bugungi va kelajak avlod oldidagi yuksak mas’uliyatni o‘zida mujassam qilgan Bosh qomusimizning har bir moddasida o‘zbek davlatchiligi rivoji, uning tarixiy tajribasi aks etadi. Millatning, jamiyatning evolyutsion taraqqiyotidan kelib chiqib o‘zini isloh etgan Konstitutsiyamiz shu mamlakat bilan teng o‘sib, tez ulg‘ayib, takomillashib bordi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz erishgan yutuqlar, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar to‘g‘ri yechim topayotgani, qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarimizda yangi davri boshlangani - bularning barchasi endilikda o‘z mustahkam konstitutsiyaviy himoyasiga egadir.
Haqiqatki, bugun ko‘z o‘ngimizda dunyo qalqib turibdi, globallashuv davrining changali inson hayotiga har kuni kutilmagan xavf-xatar va tahdidlar bilan chang solishi endi yangilik emas. Jahondagi ziddiyatli jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklar, parokandalik, tanazzul oqibati qachon va nima bilan tugashini bilmoq mushkul. Shunday og‘riqli davrda har jihatdan yuksalib, insonparvar islohotlar bag‘rida yangilanib borayotgan mamlakatimiz har qanday to‘siqlardan mardonavor bosib o‘tmoqdaki, 40 millionga yaqinlashib borayotgan xalqimiz, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimiz bu yo‘lda yurtga qanot bo‘lmoqdalar.
Xalqimizning munosib hayoti, farovon turmushi uchun tamin etilgan barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, sog‘lom jamiyat, ijtimoiy himoya – bularning poydevori bugun yangilangan qomusimizda o‘zining to‘liq huquqiy kafolatiga ega bo‘ldi.
Aytish kerakki, Konstitutsiya o‘z mohiyati va yuridik tabiatiga ko‘ra boshqa huquqiy hujjatlardan muhim jihatlari bilan ajralib turadi. Ya’ni bosh qomusimiz davlatimiz va jamiyatimiz hayotining asosiy huquqiy hujjati bo‘lib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlaydi va mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlaydi.
Yana bir muhim jihati, yangi Konstitutsiyamiz negiz bo‘layotgan ko‘plab huquqiy normalar ijrosiga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimi tubdan isloh etilmoqda. Eng quvonarlisi, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida xalqimiz kutgan yuksalishlar davri boshlandi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi, birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emasligi, hamda hech bir qonun yoki normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelmasligi “Qomus – nomusdir” degan iboraning naqadar to‘g‘ri ekaniga yana bir yorqin dalildir.
Konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining keng qamrovliligi, ya’ni nihoyatda muhim va keng ko‘lamdagi ijtimoiy munosabatlar doirasiga ta’sir ko‘rsatishi, alohida yuridik xususiyatlarga egaligi, boshqa qonunlardan ustunlikka, oliy yuridik kuchga, o‘ziga xos muhofaza shakliga, maxsus tarzda qabul qilinish va o‘zgartirilish tartibiga egaligi kabi jihatlariga asoslanib, qomusimizni qonunchilikning otasi deyish mumkin.
E’tirof etish kerakki, demokratiya va ijtimoiy adolat ruhi bilan sug‘orilgan, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga muvofiq keluvchi Konstitutsiyamiz xalqning xoxish-irodasidan, maqsad va istaklaridan bunyodga keldi.
Demakki, yaqin davr ichida jamiyatning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgardi. Bu yangilanishlar, bu o‘zgarishlar, albatta, muhtaram Prezidentimizning tashabbuskorligi, uzoqni ko‘ra olishi, fidoiyligi, bunyodkorligi bilan katta harakatga, ortga qaytmas qudratga, Yangi Renessans to‘lqiniga aylandi. Endilikda xalqimiz shu qudratga tayanib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot — yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Natijada «Yangi O‘zbekiston» degan ibora nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda ham yangi bir tushuncha sifatida emas, real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.
Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘z asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang hujjatga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi. Zero, o‘z mohiyatiga tarixan xalq yuragida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik kabi ulug‘ xislatlarni, tenglik, erkinlik, birodarlik, millatlararo do‘stlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni singdirgan Qomus shu qadriyatlar qadar ulug‘vordir.
Bir haqiqat hammamizga ayon bo‘lishi kerak: barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, demokratik yangilanish jarayonlari endi to‘xtamaydi va biz bu yo‘ldan og‘ishmay, qat’iy davom etamiz.
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor
O‘zA