Konstitutsiya va adolat ustuvorligi – demokratik taraqqiyot poydevori
Mamlakatimizda referendum asosida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar inson huquqlari himoyasi, qonun va odil sudlov ustuvorligi, ijtimoiy siyosatni kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda gender tengligi, iqtisodiy o‘sish va farovonlik masalalariga alohida urg‘u berilganki, hamyurtlarimiz, ayniqsa, katta yoshdagi aholi vakillari, ayollar va yoshlar bu o‘zgarishlarni mamnunlik bilan kutib oldi.
Konstitutsiyada O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”deb belgilandi. Mazkur tamoyillar asosida, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston – inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi; xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi; “odamlar tashvishi bilan yashash”, xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi; barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Demokratik jamiyatning muhim belgilaridan biri – bu jamiyat a’zolarining qonun oldida tengligi, konstitutsiyaviy me’yor va tamoyillarning barchajabhada ustunligida namoyon bo‘ladi.
Demokratik jamiyat qurish uchun mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlar adolatli bo‘lishi va xalq manfaatlarini ifoda etishi lozim. Bunday qonunlarga og‘ishmay itoat etilsagina jamiyatda demokratik muhit qaror topadi.
Davlatimiz Rahbarining 2025-yilning 21-noyabr kuni e’lonqilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida sanaga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarni “Konstitutsiya - inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi” degan bosh g‘oya ostida tashkil etish va munosib nishonlash belgilandi. Mazkur ezgu g‘oyadagi “adolat” so‘ziga diqqatingizni qaratishni istar edik.
Adolat tushunchasi, shubhasiz, qonun ustunligi bilan chambarchas bog‘liq. Har bir qabul qilinayotgan qonunlar zamirida adolat yotishi lozim. Adolat prinsipiga asoslangan qonunlarning hayotga tatbiq etilishi pirovardida inson qadr-qimmatini ulug‘laydi. Jamiyatda har bir shaxsning tenglik sharoitida farovon turmush kechirishini kafolatlaydi.
Mamlakatimizda qonuniylik va qonun ustunligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yaratilgan bo‘lib, birinchidan, qonunlarning bajarilishi ustidan parlament, jamoatchilik va idoraviy hamda adliya organlarining nazorati o‘rnatilgan. Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘rishi belgilab qo‘yilgan. Uchinchidan, har bir shaxs o‘zining qonuniy manfaatlarini sud orqali himoyalash, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidansudga shikoyat qilish huquqiga ega. To‘rtinchidan, qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan prokurorlik nazorati mustahkamlangan.
Umuman olganda, qonun ustuvorligi har bir insonga o‘z hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari qonunan kafolatlangani tufayli tinch, osoyishta, xotirjam, hech qanday tashqi ta’sirlardan, zo‘ravonlik va o‘zboshimchaliklardan qo‘rqmay yashash imkoniyatini beradi. Bunday jamiyatda odil sudlov mustaqil bo‘lib, samaraliamalga oshiriladi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 8-moddasida “har bir inson unga Konstitutsiya yoki qonun orqali berilganasosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga ega” deb qayd etib qo‘yilgan. Mazkur xalqaro standart O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyaga ko‘ra, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan (55-modda). Ushbu konstitutsiyaviy norma fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlaridan biri bo‘lib, buzilgan huquqlarni tiklash uchun sudga murojaat qilish imkoniyatini beradi.
Shuni aytish joizki, mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriyetilishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini yangi darajaga ko‘tardi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 133-moddasi ikkinchi qismiga binoan, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa,sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishgahaqli ekani mustahkamlandi.
Konstitutsiyaviy shikoyat instituti inson huquq va erkinliklarini buzayotgan qonunni Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, shikoyat fuqarolar va yuridik shaxslarni qonunning Konstitutsiya prinsiplari va normalariga muvofiqligini tekshirish so‘rovi bilan bevosita konstitutsiyaviy nazorat organiga murojaatini bildiradi. Konstitutsiyaviy sudga murojat qilishning pirovard maqsadi, muayyan qonun normasini Konstitutsiyaga muvofiq yoki muvofiq emasligini aniqlashdan iboratdir.
Shu o‘rinda, fuqaro va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sud vakolatiga kiritilgan boshқа masalalar yuzasidan murojaat qilish huquqi chegaralanganmi, degan haqli savol tug‘iladi. Bunga javoban shuni ta’kidlash joizki, bunday hollarda fuqaro va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaatlarni Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar orqali kiritishi mumkin. Mazkur sub’ektlar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasi birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu jumladan, Konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasiga muvofiq, конституциявий huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlari, agar sudda himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ishni ko‘rib chiqish tugagan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay beriladi.
O‘z navbatida mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat institutining tatbiq etilishi konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishga turtki berdi. Shuningdek, qonunlarning sifati va samaradorligi, ularning konstitutsiyaviyligini, davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirishni ta’minlashga xizmat qilishi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar adolatga, inson huquqi va manfaatlariga asoslangan bo‘lsa, bunday davlatda demokratik qadriyatlar barqaror sur’atda rivojlanadi. Demokratik qadriyatlar esa ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishning o‘zagi hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ham mazmun-mohiyatan mana shu haqiqatga asoslanadi.
A.Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Murojaatlar bilan ishlash
bo‘limi boshlig‘i.