Konstitutsiya – taraqqiyot asosi
Ma’lumki, 25 iyundan 5 iyulga qadar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan.
Jarayonda yurtimizda yashovchi turli millat, elat, xususan, milliy madaniy markaz vakillari ham faol ishtirok etmoqda.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokama etildi. Yurtimizdagi 152 milliy madaniy markaz vakillari uchun onlayn va oflayn ochiq muloqot tashkil etildi.

Dastlab loyiha haqida atroflicha ma’lumot berildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot xalqimiz xohish-istagi, ezgu maqsadi ifodasi, demokratik islohotlarning mantiqiy davomi ekani ta’kidlandi. So‘nggi besh-olti yilda jamiyatimizning barcha sohalarida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Davlatimiz rahbari Parlamentga murojaatida “Yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birga quramiz” g‘oyasi o‘rtaga tashlagan edi. Avvalgi o‘zgarishlarda asosiy e’tibor davlat boshqaruviga berilgan bo‘lsa, bugun taklif etilayotgan normada, asosan, inson huquq va erkinligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Konstitutsiyamizga o‘zgarish kiritish, Bosh qomusimizni zamon talabiga mos qonunlar bilan yangilashda ko‘p millatli xalqimiz xohish-irodasi, takliflari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 moddasiga 200 dan ziyod o‘zgarish kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari 6 yangi modda bilan 16 yangi norma kiritilmoqda. Hujjatni, xususan, insonning huquq va erkinligi, tadbirkorlik va yerga oid, oila, mehnat munosabatlari, sud-huquq sohasi, ta’lim, tibbiyot, ekologiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zgartirish taklif etilyapti.

Yig‘ilishda mazkur o‘zgarishlar o‘rtaga tashlanishi sabablari atroflicha tahlil qilindi. Ushbu konstitutsiyaviy islohotlar zamirida inson qadri, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik mujassam ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan tojik, rus, ukrain, qirg‘iz, uyg‘ur milliy madaniy markazlar raislari muhokamaga qo‘yilgan masalani ma’qullab fikr bildirdi. Konstitutsiyaviy o‘zgarish xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qilishi e’tirof etildi. Ayniqsa, oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

- Bosh qomusimizga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha fikr almashdik, - dedi O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Rahmatilla Jabborov. – Jamiyat, zamon o‘zgarmoqda, taraqqiyot sari ildam odimlamoqda. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan oxirgi besh yil hamma sohalarda tub yangilanish sari tarixiy ishlar amalga oshirildi. Masalan, 2018 yil O‘zbekistondan qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar ko‘chib ketgan edi. Ular yurtimizga qaytishni istaydi.

Afsuski, hozircha buning iloji yo‘q. Yangi Konstitutsiyamizga bir vaqtlar O‘zbekistondan chiqib ketgan vatandoshlarimiz yana qaytib kelishiga ruxsat berish taklifi kiritildi. Bu barchamizni birdek quvontirmoqda.

Yig‘ilishda Konstitutsiyani yangilashdek muhim masalani xalqimiz, keng jamoatchilik bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilg‘or tajribani chuqur o‘rganib, aniq qaror qabul qilish kerakligi alohida ma’qullandi.

Milliy madaniy markaz vakillari ham yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish jarayonida o‘z takliflarini bildirib, ushbu muhim, tarixiy voqeada faol ishtirok etmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA