Konstitutsiya – mustahkam huquqiy poydevor
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda mehnat faxriylari, mahalliy Kengash deputatlari, viloyat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimi jamoalari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar fuqarolarning Konstitutsiya bilan belgilab berilgan huquqlari to‘laqonli ta’minlanishiga qaratilganligini ta’kidladi.
[gallery-9880]
Bosh qomusimiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab beradi. Hayotimiz qomusi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimiz, milliy qadriyatlarimiz bardavomligining mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq. “Islohot – islohot uchun emas, inson uchun” tamoyili asosida O‘zbekiston Konstitutsiyasi o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida bo‘lib turibdi.
Tadbirda bir guruh faxriylar, deputatlar, viloyat faollari, ziyolilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 noyabrdagi farmoni bilan ta’sis etilgan "O'zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi" esdalik nishoni topshirildi. Viloyatning shahar va tumanlarida davom etadigan bayram tadbirlarida 1931 nafar faol va fidoyi namanganlik hamyurtlarimizga mazkur mukofot taqdim qilinadi.
Bayram tadbirida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, qardosh xalqlar chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA