Konstitutsiya mamlakatimiz taraqqiyoti poydevoridir
Bosh qomusimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqillik va taraqqiyot yo‘limizni, eng muhimi, inson huquq va erkinliklarini kafolatlab berdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial- demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan “Konstitutsiya– erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevori”mavzusida anjuman o‘tkazildi.
“Adolat” sotsial- demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov va boshqalar jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish borasidagi asosiy vazifamiz – adolatli qonunlar qabul qilish, jinsi, millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini ta’minlash, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz avlodlar uchun hayot qomusi, davrning o‘zi o‘rtaga qo‘yadigan dolzarb muammolarni yechish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Har tomonlama iste’dodli yoshlarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator maqsadli vazifalar amalga oshirilmoqdaki, natijada partiya saflarida yoshlar ishtiroki ortib bormoqda.
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Muxtasar qilib aytganda, qonun adolatli bo‘lsa, u inson huquqlarini amalda himoya qilsa, shundagina odamlar qonunni hurmat qiladi va unga itoat etadi. Mamlakatimizda demokratik taraqqiyot yo‘lida qaysi sohada islohotlar amalga oshirilayotgan va qanday qonunlar qabul qilinayotgan bo‘lmasin, ularning barchasi Konstitutsiyamizda belgilangan inson huquq va erkinliklarini amalga oshirishga qaratilgan.
Tantanali tadbirda mamlakatimiz yuksalishida sadoqat bilan xizmat qilayotgan, ijtimoiy-siyosiy hayotda faol mehnat qilib, namuna ko‘rsatayotgan bir qator partiya faollari va xodimlari faxriy yorliq va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Mohinur Qudratullayeva, O‘zA