“Konstitutsiya ko‘chasi”da bayram shukuhi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Konstitutsiya kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida joylarda tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samarali tashkil etilmoqda.
Toshkent shahrining “Sayilgoh” ko‘chasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil qilindi.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov yurtdoshlarimizni bayram bilan tabriklar ekan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonda jamiyatning evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqqan hayotiy zarurat ekanini qayd etdi. Bu mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarni aniqlab olish uchun g‘oyat ahamiyatli, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi.
Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida sud, adliya, prokuratura, soliq, bojxona va boshqa o‘nlab davlat organlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘z soha yo‘nalishlari bo‘yicha Konstitutsiya normalari va aholiga qiziqarli boshqa qonunchilik hujjatlari bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.

Tadbir doirasida aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari va notariuslar tomonidan sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, bolalar va yoshlarga Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi ko‘rgazmali materiallar burchagi, Konstitutsiyaning yaratilishi, takomillashtirish bosqichlarini ifoda etadigan “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotoko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert, talaba-yoshlar tomonidan Konstitutsiya normalarini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari va musiqiy chiqishlari, fleshmoblar, harbiylarning jang san’atini aks ettirgan chiqishlari tadbirning yanada maroqli o‘tishini ta’minladi.
Shuningdek, Konstitutsiyaga ehtiromni namoyish qiluvchi “Adliyadan – adliyagacha” shiori ostida bo‘lib o‘tgan adliya huquqiy marshi tadbirga alohida ruh baxsh etdi.
Fuqarolarning konstitutsiyaviy bilimlarini oshirishga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish va ularni sinovdan o‘tkazish maqsadida sovrinli viktorinalar o‘tkazildi.
Bayram tadbirida “Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni va “Umummilliy Konstitutsiya imtihoni” g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirlar Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgani bilan ham yanada ahamiyatli bo‘ldi.
N.Abduraimova,
O‘zA