Konstitutsiya – fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevori
1992 yil 8 dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning, davlatimizning dunyodagi mavqei, istiqbolini huquqiy jihatdan mustahkamlagan va kafolatlagan muhim hujjat bo‘ldi.
Darhaqiqat, davlat o‘z huquqiy hujjati – Konstitutsiyasi bilan dunyo sahniga qadam qo‘yadi. Shu jihatdan Asosiy qonunimizning yaratilishi xalqimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘lishi bilan birga, ulug‘ maqsadlar sari sobit qadam tashlashida mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir.
Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimiz sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi.
Bosh qomusimizning muhim g‘oyasi, eng avvalo, insonni qadrlashga, uning manfaatlarini muhofazalashga qaratilgan. Bu davlatimiz siyosatida insonparvarlik tamoyili ustuvorligining yaqqol namunasi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki mustaqillikkacha bo‘lgan davrda, ya’ni sobiq tuzumda davlat manfaatlari barcha narsadan ustun qo‘yilganini yodga olsak, bugungi maqsad-muddaolarimiz ezguligi, Konstitutsiyamiz esa eng yuksak insoniy qadriyatlar mujassamlashgan xalqchil qomus ekani oydinlashadi.
Asosiy qonunimizda e’tirof etilganidek, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
Ushbu konstitutsiyaviy tamoyillar va ularning amalda ta’minlanayotgani tufayli yurtimizda har bir inson o‘zini himoyalangan his etadi. Tinch va farovon hayot kechirmoqda. Aholining o‘z muammo va tashvishlari bilan davlat organlariga murojaat etishi uchun imkoniyatlar "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da yanada kengaydi.
Prezidentimiz ilgari surgan "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", degan tamoyil amalda o‘z ifodasini topayotir. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tildi. Bu nafaqat xalqimiz tomonidan, balki xalqaro miqyosda ham e’tirofga etilayotgani diqqatga sazovor.
Xulosa qilib aytganda, hayotimiz qomusida mustahkamlangan tamoyillar amalga izchil tatbiq etilayotgani tufayli mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etilmoqda.
Davlatimiz xalq farovonligini, uning hayot sifatini va darajasini muttasil oshirib borish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash yo‘lida ulkan yutuqlarga erishmoqda.
Xurshid SODIQOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Olmazor tumani sudi sudyasi