Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 32 yilligi katta tantana bilan nishonlanmoqda.Jumladan, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni asosida oliy ta’lim muassasalarida ham “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, Namangan davlat universitetida ushbu muhim sana munosabati bilan uyushtirilgan davra suhbatida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ma’no-mazmuni, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlarning Bosh Qomusimiz mohiyatiga hamohangligi, so‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda Konstitutsiyaning o‘rni beqiyosligi e’tirof etildi.
Shuningdek, davra suhbatida yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligi, xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilayotganligi, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasi ta’minlanayotganligi va barcha sohalarda fuqarolar manfaati qonun muhofazasida ekanligi ham alohida ta’kidlandi.
– Sana munosabati bilan oliygohimizning barcha fakultetlarida ko‘rgazmali targ‘ibot tadbirlari, “Konstitutsiya bilimdoni” nomli intellektual o‘yin va viktorinalar bo‘lib o‘tmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti “Press-klubi” rahbari Sanjarbek Hamidov. – Shu jumladan, yuridik fakultet talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda talabalar tomonidan tayyorlangan, Konstitutsiyamiz hamda unda ifodalangan bob va moddalar mazmuni aks ettirilgan shirinliklar va salatlar omma e’tiboriga namoyish etildi.
G‘oliblar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA