Konstitutsiya bilimdonlari aniqlandi
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Nukus shahar Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 30 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlarini mustahkamlash, ularni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarning kelajakka ishonchini shakllantirish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan ko‘rik-tanlovda umumta’lim maktablarining 11 sinf hamda akademik litseylarning 2 bosqich o‘quvchilari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar o‘zlarini tanishtirish, savol-javob va “Partiya mening nigohimda” deb nomlangan 3 ta shart bo‘yicha o‘z iqtidor va bilimini namoyish etdi. Hakamlar hay’ati tomonidan ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Saylov kodeksi” hamda siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi bilimiga, sahna madaniyatiga amal qilishi hamda notiqlik mahoratiga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijasiga ko‘ra birinchi o‘rinni Nukus shahridagi 47-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Allabay Tursinbayev, ikkinchi o‘rinni Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Shuhrat Bazarbayev, uchinchi o‘rinni 10-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Aqmaral Qalbayeva egalladi.
G‘olib va ishtirokchilar partiyaning faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri