Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni keng nishonlandi
Har yili mamlakatimizda may oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan turli kasb egalari va mehnat faxriylari ishtirok etdi. Unda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi – Bosh direktori, O‘zbekiston qahramoni Quvondiq Sanaqulovning tabrigi o‘qib eshittirildi.
Ta’kidlanganidek, kon-metallurgiya sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati esa nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yirik va qudratli korxona sifatida e’tirof etilmoqda.
[gallery-29464]
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan yirik investitsion loyihalar korxona taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu davrda ishlab chiqarish quvvatlari oshirildi, zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
2016-yilda ma’dan qazib olish hajmi 107 million kubometrni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 320 million kubometrga yetdi, ya’ni qariyb 3 baravar oshdi. Ma’danni qayta ishlash hajmi esa 60,6 million tonnadan 116,7 million tonnagacha ko‘payib, 2 baravar o‘sishga erishildi. Natijada oltin ishlab chiqarish 2016-yilga nisbatan 35 foizga, kumush ishlab chiqarish esa 70 foizga oshdi.
Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida esa 58,5 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, mahsulot tannarxini kamaytirish 2,6 trillion so‘mga, investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish 143,2 dollarga, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish 531 milliard so‘mga bajarildi.
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida 2-gidrometallurgiya zavodida 2 ta tegirmon blogi, 3-gidrometallurgiya zavodida gradirniya binosi, Janubiy kon boshqarmasida 400 o‘rinli maishiy bino, “Dovg‘iztov” konida esa 250 o‘rinli oshxona ishga tushiriladi.
Tadbirda kasb bayrami munosabati bilan kombinat tizimida mehnat qilayotgan bir guruh ishchi-xodimlar ko‘p yillik fidokorona mehnati, sohani rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun 1-, 2- va 3-darajali “Konchilik shuhrati”, “NKMK faxriysi” ko‘krak nishonlari, “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi.
“Farhod” madaniyat saroyi san’atkorlari va Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri aktyorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiq va raqslar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari