Konchilar dilkash navolardan bahramand bo‘ldi
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Navoiy viloyati hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda “Farhod” madaniyat saroyida milliy maqom san’atini keng targ‘ib qilish, aholi, jumladan, ko‘p ming kishilik kombinat jamoasining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Dilkash navolar” nomli musiqiy kecha tashkil etildi.
Ma’lumki, boy tarixga ega milliy maqom san’ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallab kelmoqda. Asrlar davomida ulug‘ shoir, mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati, ijodiy tafakkuri bilan shakllangan va sayqal topib kelayotgan ushbu noyob san’at turi nafaqat yurtimiz, balki dunyo miqyosida katta shuhrat qozonmoqda. Birgina maqom san’atining gultoji bo‘lgan “Shashmaqom” YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgani buning yorqin tasdig‘idir.


Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan maqom san’atini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida e’tirofli ishlar amalga oshirildi, qator hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, 2023 yil 30 avgustdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi Prezident qarori sohaga qaratilayotgan e’tibordan dalolatdir.
– Milliy o‘zligimizni anglash, farzandlarimizni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, estetik didi va tafakkurini shakllantirishda maqom san’atining o‘rni beqiyos, – deydi navoiylik Rohila Ochilova. – Oilamiz bilan bu san’atni yaxshi ko‘ramiz, maqom yangraganda maroq bilan berilib tinglaymiz. Chunki uning ohangi, ijrosi bo‘lakcha, huzur qilasan kishi. Kombinat tashabbusi bilan aynan shu yo‘nalishda konsert tashkil etilganini eshitib oilamiz bilan keldik. Tadbir juda maroqli, mazmunli ruhda o‘tdi.


Albatta, san’atkorni ilhomlantiradigan, unga kuch bag‘ishlaydigan narsa bu – muxlis va olqish. Sozanda va qo‘shiqchilar, raqqosalarning har biri chiqishini zalga tashrif buyurgan muxlislar qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlab turishdi.
Bunday tadbir yaqin kunlarda Uchquduq shahridagi “Uchquduq” madaniyat uyida, kelgusi yilda esa kombinat bo‘linmalari joylashgan barcha hududlarda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri