Kon-metallurgiya sohasidagi ustozlarga ehtirom ko‘rsatildi
1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida kon-metallurgiya sohasi ustozlari ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda “Navoiy kon-metallurgiya kon kombinati” AJ faxriylari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti professor o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Dastlab, kombinat Bosh direktori — Boshqaruvi raisi Q.Sanaqulov tabrik so‘zini yo‘llab, yuritimiz ta’lim tizimi, xususan oliy ta’limdagi o‘zgarishlar haqida NDKTU misolida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng universitet rektori B.Mardonov kasb bayrami egalarini qizg‘in muborakbod etdi.
Tantanali tadbirda bir guruh fidoyilarga “Konchilik shuhrati” va “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
- 1980 yildan buyon oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelaman, - deydi fizika-matematika fanlari nomzodi I.Urunov. - Bayram munosabati bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bundan mamnunman, albatta. Barcha ustozlarni bayram bilan qutlayman!
[gallery-13820]
Tadbirda “Farhod” madaniyat saroyining san’atkorlari tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi hamda universitet talabalarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA