Kommunal sohadagi masalalar muhokama etildi
Poytaxtimizning Yangihayot tuman hokimligida tumanda kommunal sohada olib borilgan ishlar va rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda hokimning uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurashid Nurmatov sohada amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, sohada olib borilayotgan ishlar avvalo, xatlov o‘tkazish, oqsayotgan yo‘nalishlarni aniqlash va aniq reja-dasturlar ishlab chiqish bilan boshlangan bo‘lib, 11 oy davomida tarmoqning barcha kesimlarida tizimli loyihalar amalga oshirilgan.
Xususan, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan hududni tozalash va obodonlashtirish bo‘yicha 469 ming 163 kvadrat metr joyda sanitar tozalash va 172 ming kvadrat metr joyda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, 42 ming 867 dona ko‘chat va 671 ming dona mavsumiy gullar ekilgan.

Issiqlik va issiq suv ta’minoti bo‘yicha “Veolia Energy Tashkent” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan 29 ta korxona va 13,8 kilometr tarmoq joriy, 4,2 kilometr tarmoq mukammal ta’mirlangan.
Yangihayot tumani oqova suv tarmoqlari bo‘limi tomonidan esa 2 ming 450 pm yangi tarmoq qurilib, 140 pm eskirgan tarmoq mukammal ta’mirlangan. Shuningdek, Yangihayot tumani ko‘cha yoritish tizimi bo‘yicha 2,4 kilometr tarmoq zamonaviy kabelga almashtirilib, 3,6 kilometr yangi tarmoq tortilgan va 228 dona yangi yoritgich o‘rnatilgan.
Anjuman davomida tuman mutasaddilari fuqarolarning savollariga atroflicha javob berdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA