Kombinat ishchi-xodimlari munosib taqdirlandi
“Farhod” madaniyat saroyida davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni hamda tarmoq ko‘krak nishonlari topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Q.Sanaqulov barchani eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi samimiy muborakbod etdi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining 2021 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, kombinatning 6 nafar vakili davlatimizning yuksak davlat mukofotlari – faxriy unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lishgani alohida e’tirof etildi.
- bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda Navoiy kon-metallurgiya kombinati, shu jumladan, Navoiy mashinasozlik zavodining o‘rni beqiyos. Keyingi yillarda zavodimizda mahalliylashtirish dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yana bir muhim ma’lumotni aytib o‘tsam, ilgari ishlab chiqarish korxonasi qurilsa, oddiy boltigacha chetdan olib kelinardi. Bu borada olib borilgan tinimsiz mehnat tufayli endilikda ularni zavodimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Hozirda nafaqat oddiy boltlar, balki juda qimmat narxda turadigan sharli tegirmonlargacha Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlanmoqda, - deydi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi”, zavod direktori O‘ktam Rahmatov.
Tadbirda bir guruh korxona ishchi-xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni hamda turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari berildi.
Bayram tadbirlari kombinatning barcha bo‘linmalarida ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
NKMK matbuot markazi.