Kombaynlar g‘alla o‘rim-yig‘imiga shaymi?
Joriy yil qishloq xo‘jaligi mavsumida Jizzax viloyatining 88 ming 100 gektar suvli maydonlarida yetishtirilayotgan boshoqli don hosilini o‘rib-yig‘ib olish uchun 300 dan ortiq yuqori unumli kombaynning qatnashishi rejalashtirilgan.
Boshoqli don mahsulotlari o‘rim-yig‘imining yuqori sur’atlarda o‘tishi soha mutaxassislarining bugungi sa’y-harakatlariga bog‘liq. Buni to‘liq anglagan g‘allachilik fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari mutasaddilari mo‘l hosil yetishtirish yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda. G‘alla o‘rim-yig‘imi ishlarida qatnashadigan kombaynlarni mavsumga hozirlash ishlari viloyatda tizimli asosda, izchillik bilan olib borilayotir.
Viloyatning Paxtakor tumanida ham joriy yilda g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Tumandagi mehnatsevar, tajribali dehqonlar hosildorlikni oshirish, ekinlardan yuqori va sifatli hosil olish maqsadida astoydil ter to‘kmoqdalar.
Joriy mavsum tuman g‘allakorlari tomonidan 11 ming 700 gektar sug‘oriladigan maydonga boshoqli don ekinlari ekilgan bo‘lib, belgilangan agrotexnik tadbirlar asosida parvarish qilinmoqda. Mutasaddilar va mutaxassislar tomonidan olib borilgan ilmiy yondashuv, agrotexnik talablarga to‘liq amal qilish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasidan samarali foydalanish orqali 35 ming 880 tonnadan ortiq hosil yig‘ib olinishi ko‘zda tutilgan.
– Joriy mavsum bo‘yicha tumanimizda 36 ta yuqori unumli g‘alla o‘rish kombayni qatnashishini rejalashtirganmiz, – deydi “O‘zagroinspeksiya” ning Paxtakor tumani bo‘limi boshlig‘i Hayitboy Tursunboyev. – Ular “Keys”, “Klass”, “Vektor” va boshqa rusumdagi kombaynlardan iborat.
G‘alla yig‘im-terim mavsumini to‘liq va uzluksiz tashkil etish maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning Paxtakor tumani bo‘limi xodimlari tomonidan shu bugungi kungacha kombaynlarning barchasi to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va ularga maxsus sertifikatlar taqdim etildi. Yana 11 dona yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynini lizing asosida olib kelish ishlari olib borilmoqda. Har bir texnika mavsum mobaynida xavfsiz hamda samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
[gallery-23375]
Tumanda kombaynlarni tayyorlash va ta’mirlash ishlariga 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bu mablag‘ hisobiga eskirgan qismlar yangilanib, muhandislik va elektr tizimlari tekshirildi, kombaynlar yangi ehtiyot qismlar bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, mavsumda texnik muammolar yuzaga kelmasligi uchun har bir kombayn amaliy sinovdan o‘tkazildi.
Mavsumni qisqa muddatda, samarali va betalofat o‘tkazish maqsadida tumanda 22 ta maxsus uyushma otryadi tashkil etildi. Bular orasida haydovchilar, texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, logistika mutaxassislari va boshqa yordamchi xizmat xodimlari mavjud. Ular tumandagi “Mexanizatorlar uyi” qoshida tashkil etilgan ko‘chma texnik xizmat guruhlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Ushbu guruhlar g‘alla o‘rish jarayonida kombaynlardan unumli foydalanish, tezkor ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish vazifalarini bajaradi.
Yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlash ham mavsumning muhim yo‘nalishlaridan biri sanalib, zarur zaxira yaratildi va uskunalar uzluksiz ravishda yoqilg‘i va moy bilan ta’minlanadigan mexanizmga o‘tkazildi. Bu esa g‘alla o‘rim jarayonida birorta kombayn faoliyati to‘xtab qolmasligini kafolatlaydi.
Ayni paytda Paxtakor tumanidagi yagona don qabul qilish shoxobchasi ham to‘liq mavsumga tayyor holatga keltirildi. Ushbu qabul punktining saqlash sig‘imi 40 ming tonnadan ortiq bo‘lib, yig‘ilgan hosilni to‘g‘ri saqlash va qayta ishlash uchun barcha shart-sharoitga ega. Don qabul qilish, saralash va yuklash-tushirish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lib, mazkur punkt har kuni minglab tonna hosilni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Muxtasar qilib aytganda, Paxtakor tumanida joriy yilgi g‘alla o‘rimi mavsumiga tayyorgarlik yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, barcha sohalarda tizimli ishlar olib borilmoqda. Mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish uchun esa barcha chora-tadbirlar belgilangan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari