Ko‘kdala tarvuzlari – dunyo bozorlarida
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida mavsum yakuniga yetmasdan 12 million AQSH dollari miqdorida tarvuz eksporti amalga oshirildi.
Tumanda tarvuz yetishtirish va eksport qilish sohasidagi bunday yuqori natijalar, albatta, hudud aholisining fidokorona mehnati va sohaga innovatsion usullarni joriy etish bilan bog‘liq. Tuman hokimligi tomonidan yer egalariga yaratilgan qulay sharoit, ularga ko‘rsatilayotgan yordam va eksport jarayonlarini soddalashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ham bunga muhim omil bo‘lmoqda.
[gallery-23848]
Ko‘kdalalik fermerlarning tajribasi va ertachilik usullarini qo‘llashi, tarvuz hosilini boshqa hududlarga nisbatan ancha oldin yetishtirish imkonini bermoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mahsulotni yuqori narxlarda sotish va eksportdan ko‘proq daromad olish imkoniyatini yaratadi.
O‘tgan 2024 yilda tuman dehqonlari 15 ming gektar maydonda ertaki tarvuz parvarishlagan edi. Yetishtirilgan hosilning asosiy qismini ichki bozorlarga yetkazib berish bilan bir qatorda, 8,5 million AQSH dollarilik tarvuz eksporti ham amalga oshirildi.
Joriy yilda esa hududdagi ertaki tarvuz parvarishlangan maydonlar hajmi 22 ming gektarga yetdi. Shunga ko‘ra, mahsulotning eksporti ham kamida 12 million AQSH dollaridan oshishi kutilmoqda. Hozirda yig‘ib olinayotgan hosil peshma-pesh ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilayotir. O‘z navbatida, dehqonning cho‘ntagiga daromad kirayapti.
Ko‘kdala tumanining tarvuz eksporti sohasida erishgan yutuqlari, nafaqat hududning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadi, balki mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini ham oshirishga xizmat qiladi. Asosiysi, kelgusida bu tajribani boshqa hududlarga ham tatbiq etish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish mumkin.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA