Koinotga yo‘l ochgan milliy sun’iy yo‘ldosh Qirg‘izistonga nima beradi?
Qirg‘iz Respublikasi "Kabar" axborot agentligi xabar berishicha, endi mamlakat o‘z yeri, suvi, ekin maydoni va tabiatini koinotdan nazorat qila oladi. Qirg‘izistonning birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshi koinotga uchirilishi bilan qishloq xo‘jaligida suv sarfini kamaytirish, hosilni aniq baholash, tabiiy resurslarni nazorat qilish va tabiiy ofatlarni oldindan aniqlash uchun yangi imkoniyatlar ochildi.
Sun’iy yo‘ldosh AQSHning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo bazasidan “SpaceX” kompaniyasiga qarashli “Falcon-9” raketa tashuvchisi yordamida orbitaga uchirildi. Jarayonda Prezident Sadir Japarov ham bevosita qatnashdi. Yo‘ldoshni Bishkekdagi boshqaruv markazidan kuzatish mumkin.
Birlashgan Arab Amirliklari bilan birga amalga oshirilgan ushbu loyiha davlat rahbari ko‘rsatmasi bilan 2 yarim yil oldin boshlangan edi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, milliy sun’iy yo‘ldoshning asosiy afzalligi shundaki, Qirg‘iziston koinot orqali mustaqil ravishda axborot olib, ma’lumotdan o‘z ehtiyojiga qarab foydalana boshlaydi.
– Ilgari biz boshqa mamlakatlardan milliardlab dollarlik ma’lumotni sotib olardik, endi bunday qaramlik yo‘q, – dedi Prezident.
Qishloq xo‘jaligiga qanday foydasi bor?
Milliy sun’iy yo‘ldosh ma’lumotidan foydalaniladigan asosiy yo‘nalishlardan biri qishloq xo‘jaligidir.
Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi Vaziyat tahlili va tadqiqotlari boshqarmasi boshlig‘i Erbol Zamirbekovning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh ma’lumoti orqali sug‘orish jarayoni muvofiqlashtiriladi.
– Masalan, bu yil To‘n tumanida sun’iy yo‘ldosh tasviri asosida o‘tkazilgan kuzatuvda makkajo‘xori faqat ikki marta sug‘orilgani va hosildorlik 30 foiz oshgani aniqlandi, – deydi mulozim. – Bunday ma’lumot suvdan oqilona foydalanish, ekin maydoni hajmini aniqlash va yil davomida qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash imkoniyatini oldindan baholashga yordam beradi. Ya’ni, sun’iy yo‘ldosh yordami bilan yil boshidayoq qaysi hududda suv yetarli bo‘lishini oldindan taxmin qilish, muayyan hudud qaysi ekinlar uchun qulayligini aniqlash mumkin. Shuningdek, suv tanqisligiga chidamli o‘simlikni tanlash, ekin maydoni yoki mamlakat bo‘ylab hosil cho‘g‘ini aniq baholash imkoni yaratiladi.
Endigi asosiy vazifa mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish.
A.Mamatov, O‘zA