Ko‘hna Buxoro: xalqaro festival davom etmoqda
“Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” va “Milliy kashtado‘zlik san’ati” festivali doirasida “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik, kashtado‘zlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda.
Tadbirda 22 davlatdan 33 nafar xorijlik va 20 nafar o‘zbekistonlik olim, shuningdek, 9 davlatdan 11 nafar mutaxassis onlayn ishtirok etmoqda. Maqsad xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirishdir.

Festival doirasida Buxoro shahridagi “Labi hovuz” ansambli maydonidan “Ark” qo‘rg‘oni hududigacha bo‘lgan yon-atrofda zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadimiy zardo‘zlik hamda zargarlik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, hunarmandchilikka oid badiiy, hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi, ularning sotuvi tashkil etilgan.

Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA