Ko‘chma tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yildi
Sirdaryo viloyatining chekka va olis hududlarida istiqomat qilayotgan aholiga ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini ko‘rsatish, tuberkulyoz kasalligini barvaqt aniqlash, tashxislash va davolash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida "O‘pka mobil brigadasi" faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tibbiy brigada ko‘chma tibbiy diagnostika kompleksi bilan ta’minlandi.
Buning uchun mahalliy byudjetdan 695 million so‘mga “Isuzu” rusumli avtobus olinib, Global fond jamg‘armasi va USAID hisobidan tuberkulyoz va o‘pkaning nospetsifik kasalliklarini barvaqt aniqlash, tashxislashga mo‘ljallangan eng so‘nggi rusumdagi “Gene Xpert” uskunasi, spirometriya va rentgen apparati bilan jihozlandi.

– Bu esa, viloyatning chekka va olis hududlarida istiqomat qilayotgan, migratsiyadan qaytgan fuqarolarda tuberkulyoz va o‘pkaning nospetsifik kasalliklari bor-yo‘qligini barvaqt aniqlash, tashxislash, natijaga qarab davolash imkonini beradi, – deydi filial rahbari Erkin Aliqulov.– Muhimi, tashxislash, davolash ishlari bepul, davlat hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur muassasaga Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvardagi “2023 – 2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tuberkulyoz xastaligining suyuq ozuqa muhitlarida ekma va dorilarga sezgirlik testlarini o‘tkazish, yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlashga mo‘ljallangan “BD BACTEC “MGIT” avtomatlashtirilgan texnologiya keltirilib, Sirdaryo viloyatida yagona bo‘lgan bakteriologik laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi.

Yangi ko‘chma tibbiy-diagnostika kompleksi esa sirdaryolik ftiziatrlar uchun yana bitta qulaylik bo‘lib, ushbu turdagi faoliyatni yanada kengaytirishga, tibbiy xizmat sifatini oshirishga, eng asosiysi, tibbiy xizmatning yangi turini aholiga yanada yaqinlashtirishga yordam beradi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri