Kobuldagi Rossiya elchixonasi oldida portlash
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kobuldagi elchixonasi konsullik bo‘limiga kiraverishda sodir etilgan xudkushlik hujumi natijasida diplomatik missiyaning ikki xodimi xalok bo‘lganini ma’lum qildi.
5 sentyabr kuni “Reyter” agentligi Afg‘oniston politsiyasi Mavlyaviy Sobirga tayanib, Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi yonida portlama sodir bo‘lganini tasdiqladi.
Ikki rus diplomatidan tashqari, portlama oqibatida Afg‘oniston fuqarolari ham vafot etgan.
“RIA Novosti” agentligi esa portlash oqibatida kamida o‘n kishi xalok bo‘lgani va sakkiz kishining kasalxonaga yotqazilgani xabarini bergan.

“Dastlabki portlash rossiyalik diplomat viza olish uchun ariza beruvchilarning ismini aniqlash uchun binoda navbatda turgan odamlar oldiga chiqqanida sodir bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda Rossiya elchixonasiga olib boruvchi yo‘llar o‘rab olingan.
Rossiya elchixonasi 2021 yil avgust oyida hukumat almashgandan keyin ham faoliyat ko‘rsatayotgan edi.
Abror XON