Koʻzi oʻtkir jonivorlar haqida nimalarni bilasiz?
Inson qoʻliga ilk bor oʻrganib xonakilashtirilgan, vafodor jonivor deb ataluvchi it nihoyatda koʻzlari oʻtkir jonivor hisoblanadi.
Inson qoʻliga ilk bor oʻrganib xonakilashtirilgan, vafodor jonivor deb ataluvchi it nihoyatda koʻzlari oʻtkir jonivor hisoblanadi.
Eng koʻzi oʻtkir inson ham toʻlin oy yorugʻida kitob harflarini ajratolmagani holda itning koʻzi oy shuʼlasi yorugʻida tariqning donini boshqa narsalardan farqlay oladi. Ammo u ham tariqning yarimtasi – sinigʻini koʻrolmaydi – koʻzi oʻtmaydi.
Boʻrining koʻzlari esa tariqning shu parchasini ham koʻroladi. Itsimonlar oilasiga kiruvchi bu yovvoyi jonivorning bu qadar koʻzi oʻtkirligi unga xavf-xatarga toʻla hayotida doim qoʻl keladi. Tabiatning bunday saxoligini ziyrak bobolarimiz oʻzlaricha tadqiq etib qiziq va asosli xulosaga kelganlar. Itning koʻzi boʻri koʻzlaridan bir marta oʻtmasligini shunday baholaganlar: It tuzli ovqat yeydi, boʻri esa tuzsiz! Bu holat xalq orasida quyidagi teran maqolning vujudga kelishiga sabab boʻlgan: Itning egasi boʻlsa, boʻrining Xudosi bor!
***
Boysun madaniyat uyi qoshida “Quralay” nomli etnografik ansanbl bor. Bu nom meni uzoq vaqt hayratlantirib keldi. Keyin bu soʻzning maʼnosini bildim. Kiyik uloqchasini quralay deyisharkan. Ogʻzaki va yozma ijodiyotimizda goʻzal koʻzlarga “ohu koʻz” deb taʼrif beriladi. Bu bejiz emaski, kiyikning koʻzlari chindan ham goʻzal. Quralayning koʻzlari esa yana-da latifdir.
Ana shu quralayning dunyoga kelishi bilan bogʻliq tabiatning noyob hodisasi borki, buni hamma ham bilavermaydi. Kiyiklar ham xuddi echki kabi oʻz homilasini besh oy koʻtaradi. Biroq erkak kiyik –takasi bilan urgʻochi kiyikning qoʻshilishi odatdagi tabiiy istakdan tashqari boshqa yozilmagan qonunga binoan ham amalga oshadi. Bu quyidagicha: Somon yoʻli galaktikasida Hulkar deb ataluvchi bir toʻp – gʻuj yulduzlar toʻdasi mavjud. Hulkar yulduzi qish chillasi ado boʻlmagunicha maʼlum muddat – 40 kun osmonda koʻrinmay qoladi. Soʻng yana koʻkda charaqlayveradi. Ana shu koʻrinmaslik pallasida taka va urgʻochi kiyiklar qoʻshilmaydi. Bu – qatʼiy qonun! Mabodo bunga amal qilmay qoʻshiluv sodir boʻlsa, yuksak togʻ bagʻridan qor ketmay kiyik bolasi – quralaylar tugʻiladi va nobud boʻlib ketishadi. Chunki ularning qoʻrasi, boquvchi choʻponi yoʻq-da. Agarda qoidaga muvofiq juftlashish sodir boʻlsa quralaylar muayyan sharoit paydo boʻlgan payt – qor ketib, oʻt-oʻlanlar koʻklab qolgan pallada dunyoga keladi va yashab ketadi. Quralayning tugʻilishi va yashab ketishi uchun shu qadar katta sabablar mavjud. Bilgan sayin lol boʻlasan kishi!
Xalq orasida “Hulkarga qaragan takaday” degan biroz qoʻpol eshitiluvchi gʻaroyib ibora bor. Buning mazmuni ham shu kiyiklar hayoti bilan bogʻliq. Deylik biror kishi qayoqqadir angrayib, maʼnosiz termulib oʻtirgan boʻlsa, unga qarata, ha, falonchi, nega hulkarga qaragan takaday boʻlib oʻtiribsan, deyishadi. Hulkar yulduzining samo sathida koʻrinishini kiyik takasi shu qadar intiqlik bilan kutarkanki, hatto bir necha kunlab oʻtlamay ham qoʻyarkan. Ana shu erkak kiyikning holatini odamga qiyosan olsangiz naqadar qiziq tashbeh vujudga keladi.