Koʻchmas mulkka taqiq qoʻyish tartibi qanday?
Adliya vazirligi mutaxassislari fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tushayotgan savollarga javob berishda davom etadi.
Adliya vazirligi mutaxassislari fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tushayotgan savollarga javob berishda davom etadi.
Savol: Uyimni sotish maqsadida hujjatlarni rasmiylashtirish uchun notariusga borsam, uy taqiqda ekanini aytishdi. Koʻchmas mulkka taqiq qoʻyish tartibi haqida tushuntirib bersangiz.
Javob: Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda koʻchmas mulkka nisbatan taqiq qoʻyilishi mumkin. Mol-mulkka taqiq qoʻyish sud, tergov, prokuratura organlari, shuningdek, sud ijrochilari va davlat notarial idorasi notariuslari tomonidan amalga oshiriladi:
Notarius tomonidan taqiq qoʻyilganda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatga belgi qoʻyiladi va bu haqda taqiqlar hisobini olib boruvchi davlat notarial idorasiga maʼlumot beriladi.
Bunga banklar, kredit va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga uy, kvartira, uy yoki kvartiraning bir qismi va boshqa koʻchmas mulk sotib olish yoki qayta taʼmirlash va boshqa maqsadlarda berilgan qarzlarning qaytarilishini taʼminlash uchun koʻchmas mulk garovga qoʻyilgani sabab boʻlishi mumkin. Garov shartnomalarini tasdiqlash vaqtida mazkur koʻchmas mulk joylashgan hududdagi davlat notariusi koʻchmas mulkka nisbatan taqiq qoʻyadi. Bu haqda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasiga xabarnoma yuboradi.
Koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlangani va xatlangani toʻgʻrisidagi xabarlar davlat notarial idorasida mavjud taqiqlar va xatlovlarni roʻyxatga olish kitobiga kiritilib qoʻyiladi. Zarur hollarda tegishli hujjatlarga asosan yuqoridagi organlar tomonidan taqiq bekor qilinadi.
Savol: Avtomashinamni ijaraga bermoqchi edim. Bu qanday tartibda rasmiylashtiriladi?
Javob: Qonunchilikka koʻra, avtomototransport vositasining ijara shartnomasi notarius tomonidan faqat maxsus gerbli blankada tasdiqlanadi.
Ijara shartnomasi yashash joyi, doimiy yoki vaqtinchalik propiskadan qatʼi nazar, istalgan notarial idorada rasmiylashtirilishi mumkin.
Ijara shartnomasini tasdiqlash uchun notarial idoraga taraflarning pasporti; avtomototransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma (texpasport); agar avtomototransport vositasi er-xotinning umumiy birgalikdagi mulki boʻlsa, erning (xotinning) roziligi; agar avtomototransport vositasi garovda turgan boʻlsa, garovga oluvchining roziligi; agar shartnoma vakil tomonidan tuzilayotgan boʻlsa, uning vakolatini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma) kabi hujjatlar taqdim etiladi.