Klasterlar – taraqqiyot “lokomotivi”
Oʻzbekistonda agrar sohani isloh qilish, qishloq xoʻjaligiga eng ilgʻor va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda tizimga bozor mexanizmlarini keng joriy etish borasida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekistonda agrar sohani isloh qilish, qishloq xoʻjaligiga eng ilgʻor va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda tizimga bozor mexanizmlarini keng joriy etish borasida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada oʻtgan yili qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur Strategiyada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, sifat nazorati infratuzilmasini rivojlantirish, eksportni ragʻbatlantirish, maqsadli xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, yuqori qoʻshilgan qiymatli qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Keyingi vaqtlarda, ayniqsa, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy usullarini yoʻlga qoʻyish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro amaliyotda oʻzini oqlagan klasterlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani Oʻzbekiston agrar sohasining rivojida dastlabki yuqori natijalarini koʻrsatayotganini kuzatish mumkin. Xususan, ayni vaqtda mamlakat miqyosida 73 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan yilgi paxta hosilining 73 foizi ularning hissasiga toʻgʻri kelgan. Gektaridan olingan oʻrtacha hosildorlik esa, klaster boʻlmagan yerlarga nisbatan 4,1 sentnerga koʻp boʻlib, qoʻshimcha 428 ming tonna paxta olinishiga erishilgan.
“Klaster” tushunchasi ilk bor 1990-yilda Maykl Porter tomonidan “Davlatlarning raqobatdosh afzalligi” nomli asarida keltirilgan. 10 ta sanoat jihatdan rivojlangan davlatlarning rivojlanish tarixini tahlil qilgach, Maykl Porter klasterlarning paydo boʻlishi iqtisodiy rivojlanish va sanoatlashtirish jarayoni tarkibining ajralmas qismidir, degan fikrga kelgan. Shunday qilib, klaster – oʻzaro bogʻliq korxonalarni birlashtirishning oʻziga xos koʻrinishi boʻlib, bu maʼlum bir hudud iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi. Tashkillashtirish shakli jihatidan, klaster – vertikal ravishda integratsiyalangan tuzilma, deyish mumkin.
Aynan paxtachilik sohasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, paxta-toʻqimachilik klasterining texnologik zanjiri paxta xomashyosini ishlab chiqarish, uni qayta ishlash, paxta tolasidan kalava ip ishlab chiqarish, gazlama ishlab chiqarish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish kabi jarayonlarni qamrab oladi. Shu bilan birga, paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni, paxta tozalash zavodini, paxtani qayta ishlash korxonasini, toʻqimachilik fabrikasini va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi korxonani birlashtirishdan koʻzlangan asosiy maqsad – har bir ishlab chiqaruvchining xarajatlarini kamaytiradigan va yakuniy mahsulotning raqobatbardoshligini oshiradigan yagona tuzilma yaratishdir.
Ishni klaster uslubida yuritishga oʻtish, ayniqsa, bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq korxonalar mavjud boʻlgan hududlarda yaxshi samara berishi ayon boʻlmoqda. Jumladan, hududlar iqtisodiyotining rivojlanishida klasterli yondashuvning ustuvor afzalliklaridan biri – iqtisodiy omillarning rolini kuchaytirish va maʼmuriy omillarning rolini kamaytirishga qaratilgan. Bunda hududiy davlat organlarining roli faqat dastlabki bosqichda, yaʼni yangi klasterlarni tashkil etishda, aynan shu hudud manfaatlarni hisobga olgan holda, istiqbolli klasterlarni tanlashda yuqori boʻladi. Ammo keyinroq hududiy davlat idoralarining roli kamayib, bozor iqtisodiyoti qonunlari oldingi oʻringa chiqadi.
Eng muhimi, klasterlarga hudud sharoitdan kelib chiqib, gʻoʻzaning seleksiya navlarini mustaqil ravishda joylashtirish, ekinlarni ilmiy asoslangan tarzda almashlab ekish, suv va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, oʻzlari yetishtirgan mahsulotni erkin tasarruf qilish, narx-navoni va mahsulot sotish hajmlarini mustaqil ravishda belgilash huquqi berilgan.
Bundan tashqari, paxta-toʻqimachilik klasterlari qator imtiyozlarga ham ega. Misol uchun, fermer xoʻjaliklariga paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish klasterlari tomonidan kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdorlarda va shartlar asosida avans beriladi. Oʻz navbatida, klasterlarga ham paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yiliga 3 foizdan ortiq boʻlmagan stavkada kreditlar ajratiladi.
Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: xoʻsh, klasterning paxta xom ashyosini yetishtiruvchi dehqon yoki fermer uchun manfaat nuqtayi nazaridan qanaqa foydasi bor?
Birinchidan. Yaqin oʻtmishimizdan maʼlum, fermer paxta tayyorlash yillik rejasini ortigʻi bilan bajarib kelgan boʻlsa-da, sof daromad koʻrmagan, hatto oʻz zarariga ishlagan. Bankdagi hisob raqamiga kelib tushgan pullarni mustaqil ravishda tasarruf etolmagan. Endilikda klaster bilan shartnoma imzolagan fermerning paxta yetishtirish ehtiyoji uchun agrotexnik tadbirlarni amalga oshiraman deb texnika izlab yoki moliyaviy koʻmak soʻrab idorama-idora yelib-yugurib yurishiga hojat qolmaydi. Buyurtmachi ish haqini ham, xarajatlarni ham vaqtida hisob-kitob qilib boradi, lozim boʻlsa, avvaldan kerakli avans pullarini ham beradi.
Ikkinchidan. Fermer klaster bilan kelishuvga muvofiq, topshirgan paxtasidan olinadigan ikkilamchi mahsulot, aytaylik shrot va sheluxani oʻzining chorva mollari uchun qaytarib olishi mumkin.
Uchinchidan. Oʻzbekiston Prezidentining shaxsiy tashabbusi bilan paxta va gʻalla sotishga nisbatan davlat buyurtmasi (monopoliyasi)ning bekor qilinishini nafaqat mamlakat xalqi, balki xalqaro jamoatchilik ham inqilobiy islohot sifatida olqishladi. Bundan xulosa qilish mumkinki, sohada davlat aralashuvining keskin kamayishi mahalliy hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qoʻyadi. Oʻz navbatida, fermer ham hokimlik rahbarlari tomonidan u yoki bu shaklda koʻrsatiladigan turli bosimlar va tazyiqlardan xalos boʻladi.
Toʻrtinchidan. Klaster aʼzolari yakuniy natijaga jamoaviy ravishda javobgar boʻladilar. Har bir klaster ishtirokchisining, shu jumladan, dehqon-fermerning saʼy-harakati ushbu jamoaning yakuniy daromadini, demak, har bir ishtirokchining shaxsiy daromadini ham belgilab beradi. Bunda xom ashyo yetishtiruvchi shaxs oʻz xarajatlarini minimallashtirish va daromadini maksimallashtirishdan manfaatdor boʻladi.
Beshinchidan. Fermerga kerakli barcha mahsulotlar – yoqilgʻi, oʻgʻit, suv, hasharotlarga qarshi preparatlar va zarur qishloq xoʻjaligi texnikalari klasterlar tomonidan oʻz vaqtida yetkazib beriladi.
Xulosa oʻrnida aytganda, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida eng ustuvor vazifa xalqaro tajriba va amaliyotni chuqur oʻrgangan holda bozor mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgan. Bu maqsad zamirida, eng avvalo, dehqon, fermer mehnatiga yarasha manfaat koʻrsin, moʻmay daromadga ega boʻlib, turmush farovonligini yaxshilasin, degan maqsad yotibdi.
Shuhrat DEHQONOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh koordinatori