Klaster tizimi amalda o‘zini to‘la oqlamoqda
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash ishlari kechiktirib bo‘lmaydigan asosiy vazifamizga aylangan.
Bu boradagi ishlarni bajarilishida 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalar dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dunyo hamjamiyatida, jumladan, mintaqamizda ham iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining keskinlashib borayotgan taqchilligi, ekologik muammolar fan va ishlab chiqarish sintezini ta’minlashning dolzarbligini oshirmoqda.
Sohada suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish borasida ham yetarlicha amaliy tajribaga ega bo‘ldik.
Shu joyda, “Nega bu ishlarni oldinroq bajarmadik?” degan o‘rinli savol tug‘iladi. Sababi oddiy, yillar davomida qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy yondashuvlar va amaliy tajriba bir biriga to‘g‘ri kelmagan desak bu ham haqiqat. Bunda har bir qaror va yondashuv esa amaliy tajribaga tayangan holda qabul qilinganligi bugun o‘z natijasini bermoqda. Sababi dunyoqarash o‘zgardi, ilm va amaliyot uzviy birlashdi. Soha jadal sur’atlarda rivojlanib yangicha yondashuvlar klaster, raqamli texnologiya va aqlli qishloq xo‘jaligi kabi atamalar kirib keldi.
Zamonaviy fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligidagi yangi qo‘llanmalar bir necha o‘n yillar avvalgidan ancha farq qiladi. Bu eng avvalo texnologiya, jumladan sensorlar, qurilmalar, mashinalar va axborot texnologiyalaridagi yutuqlar tufayli. Bugungi qishloq xo‘jaligida robotlar, harorat va namlik sensorlari, havo tasvirlari va GPS texnologiyasi kabi murakkab texnologiyalardan muntazam foydalaniladi. Ushbu ilg‘or qurilmalar va nozik qishloq xo‘jaligi va robot tizimlari korxonalarga yanada daromadli, samaraliroq, xavfsizroq va ekologik jihatdan qulayroq bo‘lishga imkon beradi.
So‘nggi o‘n yil ichida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi xom ashyosiga jahon talabi misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarildi. Shunga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan jahon savdosi ham oshdi. Rivojlanayotgan mamlakatlar va rivojlanayotgan iqtisodiyotlardagi yuqori daromadlar ham bu yerda rol o‘ynaydi.
Dunyo aholisining qariyb yarmi qishloq joylarda yashaydi. Demak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga bevosita bog‘liq. Shunga qaramay ayrim mamalakatlardagi qishloq joylarida ochlik va qashshoqlik hamon hukm surmoqda. Bugungi murakkab vaziyatda sohada chuqur bilim va amaliy tajribaga tayangan holda dunyo bozoriga kirib borish, eksportbop va ekologik tabiiy mahsulot yetkazish biz kabi tadbirkorlarning asosiy vazifamizdir.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti yil sayin sezilarli darajada ko‘paymoqda. Biroq, eksport mahsulotlarining xilma-xilligi nisbatan pastligi saqlanib qolmoqda. Aksariyat hamkor davlatlar esa oziq-ovqat ehtiyojlarini qondirish uchun oziq-ovqat importiga tayanadi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining uzoq muddatli istiqbolda raqobatbardosh bo‘lib qolishi uchun qishloq xo‘jaligida xususiy sektor tuzilmalarini rag‘batlantirish, rivojlanish kooperatsiyasi ishtirokchilari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik orqali xususiy mablag‘larni safarbar etish va moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanishni ta’minlash zarur.
Sh.Djalolov,
Oliy Majlis senati a’zosi,
Samarqand viloyat Kengashi deputati.