Klaster fermer va dehqonlarga qo‘shqanot bo‘lmoqda
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga yangi soha sifatida kirib kelgan klaster faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ayni usulida paxta yetishtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Buning natijasida klasterlar nafaqat paxtani xom ashyo sifatida emas, balki mahsulotni qayta ishlash, tayyor, yarim tayyor mahsulot sifatida bozorga olib chiqish imkonini bermoqda. Qolaversa, ular qisqa fursat ichida fermer xo‘jaliklarining ishonchli hamkorlariga aylandi.
Namangan tumanidagi Toshbuloq shaharchasida joylashgan “Toshbuloq teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida 2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan paxta-to‘qimachilik klasteri bugungi kunda 133ta fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatib, ular bilan fyuchers shartnomasi asosida ish yuritmoqda. Tumandagi 5 ming 550 gektar yer maydonida yetishtiriladigan paxtani qayta ishlab, ip holatida sotiladi. Mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berishdan tashqari xorij davlatlari, asosan Rossiya, Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasiga eksport qilinmoqda. 2022 yilga borib, klasterda chigit ekishdan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan besh siklli jarayon to‘laqonli ravishda amalga oshiriladi.
Klaster tashkil qilinguniga qadar korxonada 200 kishi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda 450 nafar doimiy va 300 nafar mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda. 2021 yilda klaster tarkibida to‘qimachilik korxonasi ishga tushirilishi bilan qo‘shimcha 700ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Jamiyat qoshida klasterdan tashqari yana bir istiqbolli loyiha – to‘quv fabrikasi 6 gektar maydonda qad rostlamoqda. Umumiy qiymati 50 milliard so‘mni tashkil etuvchi korxonada qurilish-montaj jarayonlari qizg‘in. Mazkur loyihaning dastlabki bosqichi 2021 yilning dekabr oyida ishga tushirilishi mo‘ljallanib, yil oxiriga qadar 200ta ish o‘rni yaratiladi. Korxona rahbari To‘lqinjon Baratovning aytishicha, ayni paytda ish hajmi 50 foizga uddalangan bo‘lib, to‘quv dastgohlari Xitoydan keltirilmoqda.
Fabrika to‘la quvvat bilan faoliyat yuritishi eng avvalo, qishloq odamlarining ishsiz qatlami bandligini ta’minlash va mahalliy ichki bozorni raqobatbardosh milliy mahsulotlar bilan to‘ldirish, mahalliy sanoat orqali dunyo bozoriga chiqish uchun katta imkoniyat beradi.
– Yurtboshimiz tashabbusi bilan klaster tizimiga asos solingani ayni muddao bo‘ldi, – deydi “Zamin oq oltini” fermer xo‘jaligi rahbari Abdug‘affor Tursunov. – Mineral o‘g‘itlar o‘z vaqtida berilishi ortiqcha sarsongarchiliksiz olinishi sababli hosildorlik ortig‘i bilan ado etilmoqda. Ekin maydonlarimizdan kam talofat hosil oldik. Yetishtirilgan mahsulot pullari o‘z vaqtida berilib, 2021 yilga qarzdorliksiz o‘tildi. Paxta yetishtirish klaster uslubiga o‘tkazilgach, so‘nggi ikki yil mobaynida topshirilgan “oq oltin”ning sifatiga qarab qo‘shimcha mablag‘ to‘lash ham yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, yil davomida hosilning holatiga qarab, uch marta mineral o‘g‘itlar ajratildi. Ochig‘i, oldinlari yoqilg‘i, o‘g‘it, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ekin ekishda turli qiyinchiliklar bo‘lardi. Bunday muammolar klaster bilan barham topdi.
O‘tgan mavsumda fermer xo‘jaliklari tomonidan “Toshbuloq teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati klasterining paxta qabul qilish maskaniga 21 ming tonnadan ziyod xom ashyo topshirilib, Namangan tumanida shartnomaviy reja 106 foizga bajarildi. Zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borilgani natijasida 133ta fermer xo‘jaligidan to‘rttasi 50-55 sentnerdan, 13tasi 45-50 sentnerdan, 50tasi esa 40 sentnerdan oshirib hosil olishga erishdi. Bu, o‘z navbatida, tuman fermerlari bilan yakdil olib borilgan hamkorlik ishlarining samarasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA