Klaster edi, xoldingga aylandi (+video)
Rishton tumanidagi sanoat korxonalari soni yana bittaga oshdi. Bu voqea har bir rishtonlikka daxldor edi. Shuning uchun ham uning ochilish tadbiri bayramlardagidek nishonlandi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov korxonaning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
–357 mlrd.so‘m yoki 32 million AQSH dollari miqdorida muassis Magamed Kostoyev tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritildi, hozircha 500 ta ikkinchi loyiha ishga tushsa jami 1000 ta ish o‘rni, 20 mln dollarlik eksport! Bunday natija davlat rahbarining tadbirkorlikka yaratgan imtiyozli sharoitlar, muassisning fidoyiligi tufaylidir, – dedi viloyat hokimi.

Darhaqiqat, Rishton tumanida qishloq xo‘jaligi, ayniqsa paxtachilik oqsoq edi.
–Men paxtachilik klasteri tashkil etgan 2018 yilda hosildorlik 16 sentner edi. 5 yil o‘tib, 2023 yilda har gektaridan 39,8 sentnerdan hosil oldik, – deydi Magamed Kostoyev. – Yetishtirilgan hosil yuz foiz o‘zimizda qayta ishlanadi. Shu paytgacha ip yigirar edik. Endi bo‘yoq, to‘qimachilik bosqichlarini ishga soldik.

“Kosto Line Holding” xorijiy korxonasida yiliga jami 20,6 ming tonna kalava ip, mato, momiq sochiq, choyshab mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqichda yana 10 mln dollarlik investitsiya amalga oshirilishi kutilyapti. Hozir ishga tushirilgan korxonaga Germaniya, Italiya, Turkiya va Fransiyaning ilg‘or texnologik uskunalari keltirib o‘rnatildi. Asosiy e’tibor mahsulot sifatiga qaratildi. Shuning uchun ham Yevropa bozorlaridan muqim xaridorlar paydo bo‘ldi.
Muassis Magamed Kostoyevga viloyat hokimligiga Rishton xalqi nomidan tashakkurnoma topshirildi.

–Rossiya fuqarosi bo‘lsamda, 18 yildan buyon O‘zbekistonda yashab biznes yurityapman. Buning bosh sababi o‘zbek xalqining mehnatsevar va mehmondo‘stligi. O‘zbekiston davlatining, ayniqsa davlat rahbarining xorijiy investorlarga yaratib bergan qulay muhitidir, – dedi u.
“RUSO‘ZBEKTEKS” paxtachilik klasteri endi “Kosto Line Holding” xorijiy korxonasiga aylandi. Ishchi o‘rinlari soni bugundan boshlab mingtaga yetdi.

–Uyda tikuvchilik bilan shug‘ullarnar edim. Yangi korxona ochilgandan so‘ng bu yerda ustozlardan to‘quvchilik kasbini ham o‘rgandim. Hozir ko‘chamizdan uchta ilgari uyda o‘tirgan ayollar birgalikda ishlayapmiz. Biz bundan juda hursandmiz, - deydi Jumagul Ergasheva.
Tadbirda ishtirok etgan qo‘shni Qirg‘izistonning Batken, Qadamjoy tumanlari rahbarlari, tadbirkorlari shu bugunoq yangi korxona mahsulotini sotib olish masalasini muhokama qildilar.

–O‘zbekiston shubhasiz so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning iqtisodi yetakchi davlatiga aylandi. Biz buning guvohi bo‘lib turibmiz, - deyishdi ular.
Ma’lumot uchun shu haftaning o‘zida Farg‘ona viloyatida o‘nga yaqin korxonalar foydalanishga topshirilib, 7 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/r_vy9PBT1LY" title="KLASTER EDI, XOLDINGGA AYLANDI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov,
Tasvirchi: Elyor Olimov, O‘zA